Quyida jahonning nufuzli ta'lim muassasalariga tegishli ma'ruza va darsliklar, o‘quv dasturlari foydalanish uchun bepul va ochiq shaklda jamlangan manbalarni keltirib o‘tamiz.

Internet, til bilish ko‘nikmasi va ozgina qunt – qarabsizki, ta'tildan maksimal foyda olish mumkin.

Harvard universiteti kurslari

Nafaqat AQSh, balki butun dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblangan Harvard universiteti 100dan ortiq bepul onlayn kurslarni taqdim etadi.

Maxsus portaldan veb-dasturlash, moliya, dinshunoslik, kompyuter texnologiyalari, madaniyat, tarix, siyosatshunoslik hamda boshqa sohalarga oid ma'ruzalarni topishingiz mumkin.

Buning uchun ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Alohida mavzular bo‘yicha kategoriyalashtirilgan platforma xizmatingizga tayyor.

Manzil: www.online-learning.harvard.edu

Xan akademiyasi

Harvard biznes maktabi bitiruvchisi Salmon Xon tomonidan notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan Xan akademiyasi (Khan academy) har kimga har yerda yuqori sifatli ta'lim imkoniyatini taqdim etishni maqsad qiladi.

Akademiya matematika, tarix, tibbiyot, moliya, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, koinotshunoslik, madaniyat bo‘yicha 4200dan ziyod mikroma'ruzalarni jamlaydi.

Mavzular sodda tilda tushuntirilgan. Bundan tashqari, o‘rganilgan mavzu bo‘yicha bilimlarni tekshirish uchun vazifalar jamlanmasi ham taqdim etiladi.

Ushbu platforma masofaviy ta'limning eng yaxshi shakllaridan biri deya e'tirof etiladi. Ma'ruzalar bazasi dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.

Xan akademiyasi bazasi bir guruh ko‘ngillilar tomonidan o‘zbek tiliga ham tarjima qilinmoqda.

Manzil: www.khanacademy.org   ―