Iqtisodiyot | 13:44 / 16.06.2023
41008
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropaliklar qo‘liga o‘tgan Ipotekabank: xarid narxi qancha bo‘ldi, kelgusi rejalar qanday?

O‘zbekistonning beshinchi yirik banki – Ipotekabank xususiylashtirildi. Bankning 74 foiz ulushini Vengriyaning OTP guruhi sotib oldi. Xo‘sh, Vengriya banki Ipotekabank uchun qancha to‘ladi, kelgusida qanaqa o‘zgarishlar bo‘ladi, bank nomi o‘zgaradimi? OTP bank boshqaruv raisi o‘rinbosari Laslo Volf Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

– Janob, Volf, intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Biz O‘zbekiston bank sektoridagi katta voqeaga guvoh bo‘ldik. Sizga shu borada ayrim savollarimiz bor. Nima uchun OTP bank Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan O‘zbekistondagi banklardan birini sotib olishga qaror qildi?

– OTP bank har doim katta yalpi potensialga ega va siyosiy barqarorlik bor mamlakatlardan yetarlicha kuchli banklarni izlab, ularga investitsiya kiritadi. O‘zbekistonda biz barcha talablarimizga javob beradigan “Ipotekabank”ni topdik.

– OTP bank “Ipotekabank”ni qanchaga sotib oldi. Ayrim manbalarda bitim narxi 324 mln dollarga tengligi aytilgandi, bu haqiqatmi?

– Bu bankning 100 foiz ulushining narxi. Ammo biz birinchi bosqichda bankning 74 foiz ulushini sotib oldik. 324 mln dollar haqidagi gaplar bankning umumiy narxiga oid, 74 foiz ulushi narxi 240 mln dollarga teng.

– OTP bank o‘zining qanday jihatlari va tajribalarini “Ipotekabank”ka tatbiq etmoqchi?

– Biz bankning barcha afzalliklarini saqlab qolmoqchimiz. Ipotekani moliyalashtirishni davom ettiramiz, shu bilan birga yangi xizmatlarni joriy etish va jarayonlarni yaxshilashni xohlaymiz. Mijozlar bilan ishlash tajribasini yaxshilaymiz, chakana va korporativ mijozlar, shuningdek, yangi loyihalarni moliyalashtirishda faolroq bo‘lamiz.

– Kelajakda aynan qanday yangi xizmatlarni ko‘rishimiz mumkin?

– O‘ylaymanki, iste’molni moliyalashtirish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga moliyaviy resurslar ajratish masalalarida qaror qabul qilish jarayonini ancha tezlashtiramiz. Bundan tashqari, biz o‘rta va yirik kompaniyalar uchun pul mablag‘larini boshqarish xizmatlari deb ataladigan to‘lov xizmatlarini, shuningdek, aytib o‘tganimdek, yangi loyihalar va yirik kompaniyalarni moliyalashtirishni joriy qilmoqchimiz.

– OTP bankning moliyalash bilan bog‘liq imkoniyatlari O‘zbekistondagi boshqa banklar investorlariga qaraganda kattaligi hisobiga, bank nisbatan arzonroq xizmatlar taklif qilishini kutish mumkinmi?

– Men bozor narxidan past narxda xizmatlar taklif qilamiz deb o‘ylamayman. Lekin, albatta, biz narx oralig‘ining pastki qismida bo‘lishni xohlaymiz. Qayta moliyalash va depozitlar OTP Bank uchun ham [boshqalar bilan] bir xil narxga ega bo‘ladi. Shuning uchun biz nisbatan arzonroq banklar qatorida bo‘lishga harakat qilamiz, lekin men ko‘pchilik raqobatchilarimizga qaraganda ancha arzon bo‘lishiga va’da bera olmayman.

– Javobingiz uchun rahmat! Hozircha “Ipotekabank”ning nomi o‘zgarishsiz qoldi. Bunga sabab nima, kelajakda o‘zgarishi mumkinmi?

– Hozircha “Ipotekabank nomini saqlab qolamiz. Unga OTP guruhi nomini ham qo‘shdik. Bu masalada bosh qotirib, so‘rovnomalar o‘tkazdik va tushunib yetdikki, hali OTP bank nomi o‘zbekistonliklar uchun taniqli brend emas. Shu sababli biz bank nomini o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildik. Shunday bo‘lsa-da, bir necha yildan keyin nomni o‘zgartirishimiz mumkin, ammo buni qachon qilamiz, aniq ayta olmayman. Hozircha Ipotekabank nomi bilan faoliyatimizni davom ettiramiz.

– Rahmat, janob Volf. Yana qo‘shimcha ma’lumot bermoqchi bo‘lsangiz, marhamat.

– Men hukumat bilan juda yaxshi hamkorlikni amalga oshirdik demoqchiman. Hukumat juda yaxshi hamkor bo‘la oldi. Yana bir necha yil O‘zbekiston hukumati bilan “Ipotekabank”da hamkor bo‘lib qolamiz. (Hozircha bankning 25 foiz ulushi Iqtisodiyot va moliya vazirligida). Biz so‘nggi uch yilda iqtisodiyot va mamlakat sezilarli rivojlanganini e’tirof etamiz va bu ko‘p jihatdan hukumatning sa’y-harakatlari natijasi ekaniga ishonchimiz komil.

– Xususiylashtirishdan keyin bank mijozlariga nima degan bo‘lardingiz?

– Va’da berib ayta olamanki, ularga bank filiallarida ham, raqamli kanallar orqali ham yaxshi xizmatlarni taqdim etamiz, mijozlar bilan ishlash tajribamizni yaxshilaymiz, ular keng ko‘lamli bank xizmatlaridan foydalana oladigan bo‘ladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid