Meksikalik qilichboz Lara Pliyego Paola O‘zbekiston fuqaroligini oldi va endilikda xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnasha boshlaydi. Bu haqda u Twitter mikroblogida ma'lum qilgan, deb xabar bermoqda Tribuna.uz
24 yoshli atlet bunday qarorga kelishini Meksika Olimpiya Qo‘mitasidagi korrupsiya holati bilan izohlagan.
No hay peor despedida, que la que nunca planeaste hacer, pero recuerda que para empezar una nueva etapa tienes que cerrar otra, el final es de donde empezamos. pic.twitter.com/XH8q1oBiRr
— Paola Pliego (@PaolaPliego) July 3, 2019
Ayni paytga kelib, Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi rasmiy saytida Paola O‘zbekiston fuqarosi sifatida ko‘rsatilgan.
Tribuna.uz`ning mamlakat sportidan boxabar manbasi yaqinda bir murabbiy va uch nafar xorijlik sportchiga xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qilishi uchun fuqarolik berilganini tasdiqladi.
Manbaga ko‘ra, Lara Pliyego Paola 2019 yilgi Jahon kubogida O‘zbekiston nomidan qatnashadi.
Pliyego 2016 yilgi Rio Olimpiadasiga qadar xalqaro miqyosda qator yutuqlarga erishib kelgan, ammo Braziliya poytaxtiga jo‘nab ketishiga uch kun qolganda doping bilan bog‘liq muammo tufayli olimpiya o‘yinlarida qatnasha olmay qolgan.
Wikipedia ma'lumotiga ko‘ra, Mexikoda tug‘ilgan Pliyego 2013/14 mavsumini Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi (FIE)ning yosh sablyachilar ro‘yxatida 150 ochko bilan birinchi o‘rinda yakunlagan, o‘sha mavsumda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. Ya'ni Paola o‘z vaqtida sablya yo‘nalishida ayollar o‘rtasida jahonning birinchi raqamli yosh qilichbozi edi.















