Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi davomida 12 ta yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, loyihalarga AQSh, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Bu tashabbuslar kimyo, energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va to‘qimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Karmana tumanida yiliga 2 milliard 500 million so‘mlik yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan loyihalar amalga oshiriladi. Kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqarish korxonasi shular sirasiga kiradi.


Shu tumanda Rossiya bilan yana bir investitsion tashabbus – oziq-ovqat sanoati uchun alyumin qadoqlar yasash yo‘lga qo‘yiladi. Turkiya bilan hamkorlikda Konimex tumanida yiliga 370 ming tonna fosforit qazib olish, qayta ishlash hamda fosfor kislotasi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Avstriya bilan esa Navoiy shahrida yiliga 170 ming tonna sianit natriy tuzlari va kaustik soda olish loyihasi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar 17 mingdan ortiq aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, davlat rahbari «Yangi Navoiy» shaharchasi qurilish maydonida bo‘lib, keksalar va ziyolilar bilan suhbatlashdi.



«Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta ro‘zg‘orni tebratishning o‘zi bo‘lmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz o‘sib kelayapti. Ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz», dedi prezident.



















