Yongʻin haqida 6-oktabr kuni «Sirius» federal hududi maʼmuriyati rahbari Dmitriy Plishkin maʼlum qildi.
Rossiya Transport vazirligi bayonotiga koʻra, Liberiya bayrogʻi ostida neft tashiyotgan tankerga ekipajsiz katerlar hujum qilgan. Vazirlik dengiz akvatoriyasida neft yonayotganini bildirgan.
Idoraning tushuntirishicha, qutqaruv kemalari tankerga xavfsiz yaqinlasha olishi uchun olovning shiddati pasayishini kutish zarur. Shundan keyingina yongʻinni oʻchirishga kirishish mumkin boʻladi. Vazirlik hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun yetarli kuch va vositalar borligini taʼkidlagan.
Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra, ekipajning barcha 23 aʼzosi Hindiston fuqarolari boʻlib, ular qutqarilgan. Dastlab Mash Telegram-kanali ikki kishi jabrlanganini xabar qilgan edi. Biroq vazirlikning keyingi bayonotida dastlabki maʼlumotlarga koʻra jabrlanganlar yoʻqligi aytilgan.
Astra nashriga koʻra, AFRAMAX RIO 100 ming tonnagacha neft tashish imkoniyatiga ega. Mash tanker Novorossiyskdan Hindistonga xom neft olib ketayotganini va deyarli toʻliq yuklanganini yozgan. Bu maʼlumotlar kanalga tayanib keltirilmoqda.
The Insider nashri kemaning Rossiya «soya floti»ga aloqador boʻlishi mumkinligini bildirgan. DW maʼlumotiga koʻra, tanker Yevropa Ittifoqi va AQSH sanksiya roʻyxatlariga kiritilmagan, ammo Ukraina unga nisbatan cheklovlar joriy qilgan.
Hodisa Qora dengizda kemalarga hujumlarni toʻxtatish boʻyicha avvalgi takliflar fonida yuz berdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan 8-avgustda Anqara Rossiya va Ukrainaga dengizdagi kemalarga zarbalar berishga moratoriy joriy etishni taklif qilganini aytgan edi.
Biroq 14-avgustda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Moskva bunday sulhga rozi boʻlish uchun asos koʻrmayotganini bildirgan. U Turkiyadan rasmiy murojaat kelmaganini ham taʼkidlagan.















