Bosh prokuratura huzuridagi Departament maʼlumotiga koʻra, uning Uchqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼul shaxslari hamda boshqalarning xatti-harakatlari oʻrganilgan.
Tekshiruvda aniqlanishicha, ular oʻzaro til biriktirib, Mehnatobod va Dehqonobod mahallalaridagi xonadonlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazgan.

Mazkur bogʻchalar amalda faoliyat yuritmagan boʻlsa-da, rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritilgan. Shu asosda 1,3 mlrd soʻmlik subsidiya mablagʻlari ajratilib, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilingani qayd etilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi - oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, 207-moddasi - mansabga sovuqqonlik bilan qarash hamda 209-moddasi - mansab soxtakorligi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.















