Iqtisodiyot | 20:13 / 25.03.2020
41734
4 daqiqa o‘qiladi

Rubl va tenge qadrsizlanishi nega so‘m kursiga ta'sir qilmayapti? Markaziy bank izoh berdi

O‘zbekiston Markaziy banki ichki valuta bozoridagi joriy holat bo‘yicha axborot berdi. Regulyator tahlillariga ko‘ra, so‘mning keskin devalvatsiyasi ehtimoli yuqori emas.

Rubl va tenge qadrsizlanishi, mehnat resurslari harakatiga cheklovlar joriy etilishi va buning natijasida chetdan kirib keladigan pul o‘tkazmalarining pasayishiga qaramay, so‘mning almashuv kursi va ichki valuta bozorida keskin tebranishlar kuzatilmadi.

O‘zbekiston Markaziy banki ushbu holatni quyidagilar bilan izohladi:

Birinchidan, kutilayotgan global iqtisodiy pasayish va pandemiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar iqtisodiy faollikning pasayishiga olib keladi. Bunda import va shunga mos ravishda xorijiy valutaga bo‘lgan talabning ham pasayishi kuzatilmoqda.

Ikkinchidan, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va koronavirusning sezilarli ta'siri bo‘lgan sektorlarda kreditlarni qaytarish jadvallari qayta ko‘rib chiqilishi va muddatlari uzaytirilishi hisobiga, bank kreditlariga bo‘lgan talabning avval prognoz qilingan ko‘rsatkichlarga nisbatan sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.

Uchinchidan, inqirozga qarshi jamg‘armani shakllantirishda asosan tashqi manbalarga urg‘u berilayotgani valuta bozoriga qo‘shimcha taklif olib keladi.

To‘rtinchidan, oltin narxining o‘sishi hisobiga Markaziy bankning oltin-valuta zaxiralari neytralligi tamoyili asosida amalga oshiriladigan doimiy valuta intervensiyalari hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan o‘rtacha 30 foizga oshishiga imkon yaratadi.

Regulyator ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kun holatiga xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan valuta tushumlari va chet el valutasini sotish hajmlari o‘tgan oylar darajasida saqlanib qolmoqda.

«2019 yil aprel oyidan buyon so‘mning devalvatsiya darajasi, asosiy savdo hamkor davlatlar valutasi qadrsizlanishi darajasiga yaqin bo‘ldi.

Ayni paytda jismoniy shaxslar tomonidan banklardan sotib olinayotgan valuta hajmining nisbatan oshishi yuqori devalvatsion kutilmalar bilan izohlanib, kelgusida rubl va tenge almashuv kursining barqarorlashuvi va o‘z navbatida, devalvatsion kutilmalarning pasayishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.

Hozirda asosiy savdo hamkor davlatlar valuta kurslarida kuzatilayotgan keskin tebranishlarni ushbu davlatlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida barqarorlashuvi ehtimoli yuqori bo‘lib, kelgusida dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat normallashishi hisobiga jahon bozorlarining asta-sekin muvozanatlashishi hamda yuqorida qayd etilgan xorijiy valutalar kurslari qadrining ma'lum darajada oshishi kutilmoqda.

Kelgusida so‘m almashuv kursi shakllanishi iqtisodiyotning importga bo‘lgan talabi, eksport va pul o‘tkazmalaridan valuta tushumlariga darajasi bilan bog‘liq. Bugungi kungacha qilingan tahlillar milliy valuta almashuv kursi dinamikasida ma'lum bir kichik to‘g‘irlanishlar bo‘lishi mumkinligini va so‘mning keskin devalvatsiyasi bo‘yicha ehtimollarning yuqori emasligini ko‘rsatmoqda», – deyiladi Markaziy bank axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, asossiz spekulyativ kutilmalar paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida ichki valuta bozoridagi holat va unga ta'sir etuvchi omillar to‘g‘risidagi ma'lumotlar muntazam e'lon qilib boriladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan sanaluvchi Rossiya va Qozog‘iston milliy valutalari qadrsizlanishi fonida so‘mning dollarga nisbatan kursi sezilarli o‘zgarishga uchramayotgani xavotirlarga sabab bo‘lgandi. Xususan, iqtisodchi Behzod Hoshimov: «Agar Markaziy bank rezervlar orqali kursni hozirgidek ushlab turgan bo‘lsa, bu yaxshi chora emas», deya qayd etgandi.

Mavzuga oid