O‘zbekiston | 10:00 / 31.08.2025
22482
15 daqiqa o‘qiladi

38 millionga yetgan xalq va javobsiz qolgan haqorat - hafta dayjesti

Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston aholisi 38 millionga yetdi: 40 millionlik marraga uzog‘i 3 yil qoldi. Rus millatchisi o‘zbek muhojirini tahqirladi: TIV nega uning O‘zbekistonga kirishini taqiqlamadi? Markaziy bank oyliklarni tezroq oshirishga chaqirdi: bu masalada qo‘shnilarimizdan ancha orqada qolyapmiz. Prezident futbol bo‘yicha qaror imzoladi: endi har bitta mahallada futbol maydoni bo‘lishi kerak.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yakunlangan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid asosiy yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

38 millionga yetdik

O‘zbekiston aholisi soni rasman 38 millionga yetdi. Bu “yubiley” mustaqillikning 34 yilligi arafasiga, 28 avgustga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa, o‘zbekistonliklar oxirgi bir yil ichida 700 ming nafarga ko‘paydi. Shu temp saqlab qolinadigan bo‘lsa, 2028 yil o‘rtalariga borib 40 millionlik marra ham zabt etiladi. Bu bilan O‘zbekiston eng ko‘p nufusga ega 40 ta davlat qatoridagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Aholimizning 35 foizi hali 18 yoshga to‘lmagan. Mehnatga layoqatli yoshdagilar soni 21 million yoki umumiy aholining 56 foizini tashkil etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ishsizlik darajasi tarixiy minimum ko‘rsatkich – 5,1 foizga tushgan. Mehnatga layoqatli aholining 12 foizi, ya’ni 1 mln 800 ming nafari xorijda ishlayapti. Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik kunidagi nutqida aytishicha, yil boshidan beri 700 ming vatandosh yurtimizga, oilasi bag‘riga qaytgan. Prezident 8 oy ichida 5 million aholining bandligi ta’minlanib, kambag‘allik darajasi 6,8 foizgacha tushganini aytdi.

“Mamlakatimiz raqamlashgan va adolatli sud davri ostonasida turibdi. [...] Oldimizda qanday sinovlar paydo bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan aslo ortga qaytmaymiz”,dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bayram munosabati bilan 523 nafar mahkumni avf etdi va ko‘plab sohalar vakillariga davlat mukofotlarini topshirdi. Xususan O‘zbekiston bosh prokurori, ichki ishlar vaziri va mudofaa vazirining unvonlari oshirildi. 29 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida Shahidlar xotirasi maydonida sovetlar qatag‘on qilgan 100 mingdan ortiq o‘zbekistonlik xotirlandi. Bayram oldidan Toshkent shahrini aylangan prezident, qurilishi deyarli yakunlangan Islom sivilizatsiyasi markazi va “Toshkent-Sharqiy” aeroportini ko‘zdan kechirdi, Milliy bog‘ oldidagi maydonda O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi.

Shuningdek, Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi yerosti yo‘l o‘tkazgich ham ochildi. Yo‘ldan soatiga 10 mingta avtomobil o‘ta oladi. Tunnelning ustida Yangi O‘zbekiston bog‘i va Olimpiya shaharchasini bog‘lovchi piyodalar zonasi tashkil etilib, bo‘lajak yerosti metrosi uchun tunnel va bekat ham qurilgan.

“Har bir mahallaga – futbol maydoni”

May oyida imzolangan qonun bilan, madaniyat maskanlari va istirohat bog‘larini sotib yuborish taqiqlangan edi. Mana endi, stadionlarni xususiylashtirish ham taqiqlandi. Prezident qaroriga ko‘ra, bundan buyon davlatga qarashli futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini o‘zgartirish va sotuvga chiqarish mumkin emas. Yil oxirigacha davlatga qarashli hamma stadionlar va futbol maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, ko‘zda tutilgan taqiqlar kadastr axborot tizimiga kiritib qo‘yiladi.

Shu tariqa, eng avvalo Toshkent markazidagi tarixiy ahamiyatga ega “Paxtakor” stadioni, qolaversa tumanlardagi o‘zi shundog‘am kam bo‘lgan futbol maydonlari sotilib ketishining oldi olindi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili “Paxtakor” stadioni xususiy qo‘llarga o‘tib ketishiga bir baxya qolgandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi klubni stadioniga qo‘shib sotuvga chiqargan, jamoatchilik e’tirozlaridan keyin sotuv to‘xtatilgandi. O‘shanda tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev klub va stadionni tekinga olib, rivojlantirmoqchi ekanini aytgandi. “Paxtakor”ni 100 dollarga bersa, sotib olmayman u yerni. Tekinga bersa olaman. Stadionini ham. Tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman”, degandi u.

Prezident qarori bilan, muhim futbol o‘yinlaridagi chipta bilan bog‘liq mashmashalarga ham yechim belgilandi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab muxlislar chipta sotib olish uchun shaxsini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Chipta sotuvlari faqat onlayn shaklga o‘tishi ham mumkin: qarorda sotuv jarayoni maxsus onlayn tizim orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, O‘FA qoshida “Legionerlar klubi” tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu klubga xorijda legioner sifatida faoliyat yuritgan va yuritayotgan futbolchilar va boshqa futbol mutaxassislari jalb qilinadi. Ularga o‘zining futbol maktabi va futbol klubini ochish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida yer uchastkalari ajratiladi. Oddiyroq aytganda, Maksim Shatskix yoki Abduqodir Husanov o‘z maktabini ochmoqchi bo‘lsa, davlat ularga yer ajratishga tayyor.

Foto: Afisha.uz

Prezident qarorining yana bir muhim bandi – mahallalarda futbol maydonlari qurishga oid. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida mahallalar ichida bo‘sh turgan yer uchastkalari ularning bir qismida futbol maydoni tashkil etish uchun auksionga chiqariladi. Auksion g‘oliblari futbol maydonidan tashqari qolgan yerni o‘zi xohlaganidek tasarruf etishi mumkin bo‘ladi. Hokimlar yil oxirigacha auksionga chiqariladigan yerlar ro‘yxatini tasdiqlashi kerak.

Farmatsevtikada uzoq kutilgan yangilik

Oxirgi yillarda narxlari eng yuqori suratda o‘sayotgan tovarlardan biri – dori-darmonlarning tannarxi biroz bo‘lsa-da arzonlashishi mumkin. Prezident qarori bilan, O‘zbekiston rivojlangan davlatlarda ma’qullangan dorilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan oladigan bo‘ldi. 1 oktyabrdan e’tiboran, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘yxatidagi regulyatorlar e’tirof etgan preparatlarni O‘zbekistondagi regulyator tan olish orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Ya’ni AQSh yoki Koreyada foydalanishga ruxsat berilgan dorini O‘zbekistonga olib kirish uchun takroriy ekspertizalar o‘tkazilmaydi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan boshlab dori vositalariga berilgan guvohnomalar hozirgidek muddatsiz emas, 5 yil muddatga beriladi. Shu paytgacha muddatsiz berilgan guvohnomalarning amal qilish muddati 5 yildan keyin tugaydi. Agar preparat rivojlangan davlatlarda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, unga guvohnoma olish uchun “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatini olish talab etiladi. Bundan tashqari, 1 yanvardan boshlab tibbiy buyum va tibbiy texnikalarning chakana savdosi bilan shug‘ullanish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Oyliklar oshishi sekin ketyapti

Dori-darmonlarning narx poygasidagi “raqobatchisi” bo‘lmish benzin qimmatlashishda davom etmoqda. Ikki hafta oldin AI-80 benzini narxi 10 foizga oshgandi. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi haftalarda AI-92 benzini ham poytaxtdagi turli shoxobchalarda 7,6 foizgacha qimmatlashgan. Narx oshishi – “O‘zbekneftgaz”ning birjada AI-92 boshlang‘ich narxi arzonlashtirildi deya tarqatgan xabaridan keyin ro‘y bergani e’tiborli.

So‘nggi kunlarda, shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida issiq suv va issiqlik ta’minotining yangi tariflari tasdiqlandi. Poytaxt deputatlarining roziligi bilan, aholi uchun tariflar 15 foizga ko‘tariladi. Yangi narxlar qachondan amal qila boshlashi hozircha aniq emas; avvalroq Veolia kompaniyasi 1 oktyabrdan deb anons qilgandi. Toshkent viloyatiga kelsak, 10 sentabrdan boshlab issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari aholi uchun 10 foizga ko‘tariladi va bu – 2025 yil hisobidan narxlarning ikkinchi marta oshishi bo‘ladi.

Narx oshishlari fonida, Markaziy bank oylik maoshlarni ham tezroq oshirishga chaqiryapti. Regulyatorning tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda oyliklarning ko‘tarilishi qo‘shni davlatlarga qaraganda sekinroq ketyapti. Xususan, joriy yilning 2-choragida Markaziy Osiyo davlatlarida real ish haqining o‘rtacha o‘sishi 9,8 foiz, ayrim Kavkaz davlatlarida 9,1 foiz bo‘lgan. O‘zbekiston esa 7,3 foizlik ko‘rsatkich bilan, bu borada qo‘shnilardan ancha orqada qolyapti.

“Iqtisodi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan mazkur tafovutning uzoq muddat saqlanib qolishi kelgusida O‘zbekiston mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishiga va talabning susayishiga olib keladi”, deyiladi Markaziy bank hisobotida.

“Persona non grata” qonuni nega ishlatilmadi?

Moskvada rossiyalik shaxs o‘zbek muhojirini tahqirladi. Internetda tarqalgan videoda u o‘zbekistonlik taksichiga qarata: “Sen qulsan, ruslarning qulisan! Og‘zingchi ochma!” deya baqirganini ko‘rish mumkin. Tashqi ishlar vazirligi bu holatni tilga olmagan holda, “O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan nuqtasida davlat himoyasida” ekanini aytib bayonot chiqarish bilan cheklandi. Shu kunlarda vazir Baxtiyor Saidov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefonda muloqot qildi, lekin Saidovning so‘zlaridan taxmin qilish mumkinki, u suhbat paytida bu mavzuni ko‘tarmagan.

Agar teskarisi bo‘lganida, ya’ni biror bir Rossiya fuqarosi Toshkentda xuddi shunaqa haqoratga uchraganida, Moskvadan qanaqa reaksiya bo‘lishini ko‘pchilik yaxshi tasavvur qiladi. TIV bu holatda o‘tgan yili qabul qilingan qonunga asoslanib o‘sha rossiyalikning O‘zbekistonga kirishini taqiqlashi mumkin edi. Qonunga ko‘ra, chet el fuqarolari ijtimoiy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi harakatlari uchun O‘zbekistonda “nomaqbul shaxs” deb topilishi va ularga qator taqiqlar joriy etilishi kerak. Bundan tashqari, TIV Rossiya tomoniga murojaat qilib, bu millatchiga chora ko‘rish talabini qo‘ymagani ajablanarli.

Videodan kadr

Dushanbadan boshlab Rossiyada mehnat muhojirlarining huquqlarini buzuvchi yana bir tartib kuchga kiradi. Unga ko‘ra, 1 sentabrdan boshlab Moskva shahri va viloyatida ishlovchi chet elliklar “Amina” mobil ilovasini yuklab olib, u orqali Ichki ishlar vazirligiga o‘zining qayerdaligi haqidagi ma’lumotni avtomatik uzatib turishi kerak. Agar geolokatsiya uzatilishi 3 ish kunidan ortiq vaqt davomida to‘xtab qolsa, bu holat migrantni nazorat ostidagi shaxslar ro‘yxatiga qo‘shishga asos bo‘ladi. Bu tartib 4 yil davomida sinovdan o‘tkazilishi aytilyapti.

Rossiyaning ikkinchi yirik shahri – Peterburgda esa, “millat aniqlovchi” kameralar ishlay boshladi. Rasmiylarning aytishicha, hozirda 50 mingga yaqin kamera etnik mansublikni aniqlash funksiyasi bilan jihozlangan. Huquq-tartibot idoralari bu kameralar yordamida shaharning qayerida qanaqa millatga mansub guruhlar to‘planayotganini kuzatib boradi. Shuningdek, “rezina” kvartiralar, ya’ni normadan ortiqcha odamlar yashayotgan xonadonlarni ham aniqlash ko‘zda tutilgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 36 taga yetdi. Iordaniya podshohining O‘zbekistonga ilk tashrifi davomida ikki davlat 25 sentabrdan boshlab o‘zaro vizasiz rejim o‘rnatishga kelishib oldi. Tez orada Toshkent va Amman o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi kutilyati. Tashrif doirasida 15 ta hujjat imzolandi, tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini e’lon qildi. Samarqandda o‘tgan muzokaralardan keyin Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn prezident Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” ordeni bilan taqdirladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Migratsiya agentligining ikki xodimi o‘ta yirik firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olindi. DXX xabariga ko‘ra, ular Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 80 dan ortiq odamdan 700 ming dollardan ortiq pul olgan. Hozirda jinoiy guruhning boshqa a’zolarini aniqlash choralari ko‘rilyapti. Migratsiya agentligi holatni tasdiqlab, Koreyaga yuborish bilan bog‘liq barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilganini ma’lum qildi. Hafta davomida, shuningdek, Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi. DXXga ko‘ra, u porani pul emas, ko‘chmas mulk shaklida olishga uringan va dalahovli oldi-sotdisini rasmiylashtirayotgan paytda notariusda qo‘lga olingan. Andijondagi boshqa bir holatda kadastr mansabdori 4 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Xususiy universitetlar bilan bog‘liq yana bir mojaro chiqdi. Juma kuni Oliy ta’lim vazirligi 5 ta xususiy universitetga faoliyatini kengaytirish uchun berilgan qo‘shimcha litsenziyalarni “texnik xatolik” deb e’lon qilib, aslida hech qanaqa ruxsat berilmaganini da’vo qildi. Ko‘p o‘tmay Adliya vazirligi rasmiy munosabat bildirib, “Lisenziya” elektron tizimida hech qanaqa nosozlik bo‘lmaganini bildirdi. Qarama-qarshi bayonotlardan keyin, masalaga oydinlik kirituvchi qo‘shimcha izohlar bo‘lgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, oxirgi yillarda byurokratik to‘siqlarning ko‘payishi bilan, xususiy universitetlar ochilishi keskin kamayib ketgan.

Markaziy Osiyo birdamligining huquqiy asoslari kuchaymoqda. Mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik to‘g‘risidagi shartnomaga nihoyat Tojikiston ham qo‘shildi. Bu shartnoma uch yil oldin Cho‘lponota shahridagi maslahat uchrashuvida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan imzolangan, Tojikiston va Turkmaniston esa ichki protseduralarni sabab qilib, bitimga qo‘shilishni keyinroqqa qoldirgandi. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 28 avgust kuni shartnomaga qo‘l qo‘ydi va navbat so‘nggi ishtirokchi – Turkmanistonga keldi. Eslatib o‘tamiz, navbatdagi maslahat uchrashuvi yaqin vaqt ichida Toshkentda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid