O‘zbekiston | 21:00 / 13.07.2024
18151
16 daqiqa o‘qiladi

Svetofor o‘rniga sahna liboslari va jarimalar bo‘yicha taklif - hafta dayjesti

Piyodalar o‘tish yo‘laklari qonga bo‘yalmoqda: ayrim tumanlarda tadbirbozlik bolalar xavfsizligidan ustun qo‘yilyapti. Energetika vazirligidan tadbirkorlarga “syurpriz”: limitdan ko‘p svet yoqib qo‘yganlar 2 baravar narxda to‘laydi. “O‘zavtosanoat” rahbari prezidentga hisobot berdi: BYD bilan budjet avtomobillar bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

O‘tgan hafta Navoiy viloyati Xatirchi tumanida, aholi yashash punktida tezlikni 140 dan oshirgan ikkita BYD 8 yashar qizning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. Dushanba kuni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati fojia bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qildi. Unda aytilishicha, qamoqqa olingan ikkita haydovchidan biri oxirgi 1 yilda 13 marta qoidabuzarligi uchun jarimaga tortilgan, shundan 12 tasi tezlikni oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu tariqa, xatirchilik qizaloq jarima ballari tizimini kechiktirayotgan respublika darajasidagi mas’ullarning navbatdagi qurboni ekani yanada oydinlashdi.

YHXX tanqidlarga javoban eni 16 metr bo‘lgan yo‘ldagi piyodalar o‘tish joyiga nega svetofor qo‘yilmaganini ham izohladi. Ma’lum qilinishicha, bu joyga 2024 yil 31 martgacha tugmali svetofor o‘rnatilishi kerak bo‘lgan, lekin mablag‘ ajratilmagani sababli haligacha o‘rnatilmagan. Mablag‘ ajratishi kerak bo‘lganlardan birortasi vijdoni qiynalib iste’fo berganini hozircha eshitganimiz yo‘q. Boshqa tomondan, ularga nisbatan siyosiy javobgarlik masalasi ham ko‘rib chiqilmayapti.

Aslida, tumanning hozirgi hokimi fuqarolar xavfsizligi masalasida hammadan ko‘proq qayg‘urishi kerak edi. Polkovnik Umidjon Adizov o‘tgan yili hokim etib tayinlanishidan oldin viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lib ishlagan, ya’ni butun viloyat aholisining xavfsizligiga bevosita javobgar shaxs bo‘lgan. Lekin tuman rahbari bo‘lganidan keyin, aftidan, fuqarolar xavfsizligiga panja ortidan qaray boshlagan.

Navoiy viloyatida eng ko‘p aholi aynan Xatirchi tumanida yashaydi. Murg‘ak bolaning qoniga bo‘yalgan piyodalar o‘tish joyi esa shundoqqina tibbiyot litseyining oldida joylashgan. Salkam 20 mln dollarlik mahalliy budjetga ega tumanda litsey oldiga svetofor o‘rnatish uchun pul topilmaganini faqat bepisandlik bilangina izohlash mumkin, xolos.

Xo‘sh, bolalar xavfsizligi uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan pullar qayerga ketyapti? Bu savolga javob olish oson emas: hokim Adizov mahalliy budjetdagi pullarni qayerga ishlatayotganini ochiqlashni unchalik ham xush ko‘rmaydi. U deyarli hamma qarorlarini E-qaror portalida xalqqa ko‘rinmaydigan qilib yashirib qo‘ygan. Ochiq qoldirilgan qarorlardan ko‘rish mumkinki, hokim oxirgi oylarda tumandagi futbol klubini boqishni mahalliy budjet zimmasiga yuklagan, qo‘l ostidagi xodimini 53 mln so‘m sarflab Xitoyga xizmat safariga jo‘natgan, bahorda allaqanday tadbir uchun sahna liboslari sotib olishga 75 mln so‘m ajratgan. Endi ayting, yo‘llardagi fojiali avariyalar sahna liboslarini bolalar xavfsizligidan ustun ko‘radigan tumanda ro‘y bermasdan, yana qayerda ro‘y bersin?

Mahalliy deputatlar mahalliy budjetni nazorat qila boshlaydimi?

Oxirgi yillarda hokimlarning siyosiy vazni oshirilishi barobarida, viloyatlar, tuman va shaharlarning o‘zlari mustaqil boshqaradigan budjetlari ham paydo bo‘ldi. Hokimlar qo‘lidagi mahalliy budjetlar hajmi yildan yilga oshib boryapti va bu tendensiya davom etadi. Davlat rahbari shu hafta bergan topshiriqqa asosan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yarmini tuman budjetida qoldirish masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Bu respublika bo‘yicha qo‘shimcha bir necha trillion so‘m mablag‘ mahalliy budjetlarda qoladi, degani.

Biz bu xabarni yetkazishda mahalliy budjetlar taqsimoti hokimlar qo‘lida ekaniga urg‘u berayotganimiz bejiz emas. Bu ularga hatto budjet pulini qopda ko‘tarib borib, xohlagan odamiga berish imkonini beryapti. Hokimlarning xarajatlar masalasida hisobdor emasligini chorshanba kuni imzolangan prezident farmoni ham tasdiqlaydi. Farmonga asosan, hududlarga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy kengashlarining so‘rovi va nazorati yo‘lga qo‘yilishi belgilab qo‘yildi. Bundan anglashiladiki, so‘rov va nazorat hali yo‘lga qo‘yilmagan, deputatlar eng fundamental vazifasi – budjetni boshqarishda ishtirok etmayapti.

Albatta, “o‘rtoq hokim, pullar qayerga ketdi” deb so‘rash uchun deputatlar hokimlardan mustaqil bo‘lishi kerak. Mahalliy kengashlarga ijro hokimiyatidan de-yure mustaqillik beradigan qonun seshanba kuni birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unga ko‘ra, Konstitutsiyada belgilanganidek, hokimlarning kengash raisi maqomi bekor qilinadi. Yangi raislar kengash a’zolari orasidan saylanadi, lekin saylanmagan hokimlardan farqli ravishda, siyosat bilan shug‘ullanish ularning har kunlik ishi bo‘lmaydi. Kengash raislari bu lavozimda asosiy ishidan ajralmagan holda, jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi belgilab qo‘yilyapti. Bu degani mahalliy darajada ijro hokimiyatini tiyib turishi kerak bo‘lganlarga maosh to‘lanmasligi mumkin. Bunday yangi tartib viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida shu yil kuzda bo‘ladigan deputatlik saylovlaridan keyin, tuman (shahar)lar miqyosida esa 2026 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Islohotlar agentligi jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi

Yo‘l-transport hodisalariga qaytsak. Yuqorida Xatirchi tumani haqida aytganlarimiz faqat bu tumanga tegishli emas. To‘rt va undan ortiq polosali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylariga svetoforlar qo‘yilishi haqidagi va’dalarga qaramay, bu yo‘nalishdagi ishlar ancha sust ketyapti. 8 iyul kuni yana bir holat Andijon shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida ro‘y berdi. Bu yerda piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 10 yoshli qizni Cobalt urib ketdi. U jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Bu holatda ham nafaqat qoidabuzar haydovchi, balki Andijondek aholi zich shaharni svetoforlar bilan yetarlicha ta’minlab qo‘ymagan mas’ullar ham javobgarlikka tortilishi to‘g‘ri bo‘lardi.

Yo‘llardagi haddan tashqari ko‘p avariyalarga oid muhokamalar fonida, Strategik islohotlar agentligi qoidabuzarliklar uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bunda, inson sog‘ligi va hayotiga bevosita daxldor holatlar uchun jarimalarni oshirish, ba’zi qoidabuzarliklar uchun esa, aksincha, kamaytirish taklif qilinyapti.

Agentlik bu taklifini jazo choralarining huquqbuzarlik xavfi bilan mutanosib emasligi bilan izohlagan. Masalan, shaharning qoq markazida 170 tezlikda harakatlangan haydovchi atigi 3 mln so‘m jarima bilan qutulib ketadi, lekin davlatga pul to‘lamasdan tonirovka qilganlar bundan 3 barobar ko‘p – 8,5 mln so‘m to‘lashi kerak. Bu huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavfi o‘rtasidagi teskari farq esa yer bilan osmoncha. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun jarima 468 ming so‘m, Belarusda 138 ming so‘m, Rossiyada esa 60 ming so‘mni tashkil qiladi.

Jarimalar miqdori qancha bo‘lishi kerakligi haqida uzoq bahslashish mumkin, yo‘llardagi vaziyat esa shoshilinch choralarni talab qiladi. Qisqa vaqt ichida amalga kiritish mumkin bo‘lgan variantlar esa kam emas. Masalan, ma’muriy kodeksdagi 17 prim 1-moddaning 3-qismini bekor qilish mumkin, shunda avtomatlashtirilgan radarlarda qayd etilgan qoidabuzarliklar ham takroriy qoidabuzarlik deb hisoblanadi, bir yil ichida bir necha marta tezlikni oshirganlar guvohnomasidan ayriladi. Bu bilan, “88 marta qoida buzgan haydovchi aniqlandi” degan xabarlar ham o‘z-o‘zidan tarixga aylanadi.

Bundan tashqari, aholi punktlarida, ayniqsa shaharlarda tezlikni 100 dan oshirgan potensial qotillarning haydovchilik guvohnomasini shu zahotiyoq kamida 6 oy muddatga olib qo‘yish, jarima ballari tizimiga o‘tishni ortiq cho‘zmaslik, yo‘llarni loyihalashda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, radarlarni karrasiga ko‘paytirish kabi choralarni ham ko‘rish mumkin va kerak. Amerikani qayta ixtiro qilishga hojat yo‘q, xohish-iroda va biroz mas’uliyat bo‘lsa bas.

“Svet bo‘yicha limitni oshirishga asos yo‘q” — Energetika vazirligi

Energetika vazirligi 200 kWh'lik limitni bekor qilish yoki oshirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy aksiyaga munosabat bildirdi. Vazirlik ijtimoiy me’yorni oshirishga qarshi ekanini ta’kidlab, bunga asos sifatida iyun oyida aholining 71 foizi 200 kWh'gacha, 82 foizi esa 300 kWh'gacha elektr energiyasi iste’mol qilganini keltirdi. Lekin bu ko‘rsatkich qish oylarida qanaqa bo‘lishiga izoh berilmagan. Umuman, gazlashtirilmagan hududlarga nisbatan adolatsizlik bo‘layotgani masalasida Energetika vazirligi avvalboshdan sukut saqlashni afzal ko‘ryapti.

Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, energetiklar yana bir masalada sukut saqlab kelgan. Ko‘plab tadbirkorlar svet uchun oldindan to‘lagan pullari juda tez tugab qolganidan shikoyat qilgach, shu yil 31 may kuni qabul qilingan hukumat qarori jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgani oydinlashdi. Qarorga asosan, yuridik iste’molchilarning elektr energiyasi iste’moli shartnomada ko‘rsatilgan miqdordan oshib ketsa, belgilangan tarifning 2 baravari, ya’ni kilovatt-soati uchun 1800 so‘mdan hisob-kitob qilinadi. “Hududiy elektr tarmoqlari”ning ta’kidlashicha, tadbirkorlar shartnomadagi limitni oshirish uchun elektrosetlarga taklif kiritish huquqiga ega.

11 iyul kuni Senatda ma’qullangan qonunga ko‘ra, yuridik shaxslar me’yordan ortiqcha energiya ishlatgani uchun nafaqat ikki barobarlik tarifda to‘lov qiladi, balki javobgarlikka ham tortiladi. Qonunda energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik va resurslarni me’yoridan ortiqcha sarflaganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilgan. Aynan qanaqa javobgarlik haqida gap ketayotgani, me’yordan ortiqcha energiya sarflangani qanday aniqlanishi katta ehtimol bilan qonun imzolanganidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Payshanba kuni senatorlar yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni ham ma’qulladi. Unda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozor qoidalari aks ettirilgan. Energoregulyator rahbari Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, sohada bozor qoidalari “yaqin kunlarda” kuchga kirishi mumkin. Bunda “O‘zenergosotish” kompaniyasi markaziy xarid qiluvchi sifatida elektr tokini eng arzon narx taklif qilgan stansiyadan sotib oladi. Yirik iste’molchilar uchun narx-navo shaffof tarzda, onlayn savdo platformasida shakllanishi, bu platforma 1 yanvardan boshlab test rejimida ishga tushishi ma’lum qilindi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Jizzaxdagi BYD zavodida budjet segmentidagi avtomobillar ham ishlab chiqariladi. Bu masalada xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishdik, dedi “O‘zavtosanoat” raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov prezident Shavkat Mirziyoyevga bergan hisobotida. Kelishuv shartlari va ko‘zda tutilayotgan muddatlar ochiqlangani yo‘q. Ro‘ziqulovga ko‘ra, O‘zbekistonda yig‘iladigan V, S va budjet segmentidagi avtomobillarning birinchi namunalari xitoyliklar tomonidan sinovdan o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirilgan. Ayni paytda, BYD'ning importni cheklash haqidagi so‘rovi bo‘yicha O‘zbekiston tomoni 1 iyulgacha qanday xulosaga kelgani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston shaharlarining ekologik reytinglari e’lon qilindi. Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tahlillariga ko‘ra, ekologik barqarorlik borasida Namangan shahri respublikada birinchi o‘rinda turadi. Undan keyingi o‘rinlarni Samarqand va Navoiy shaharlari egallagan. 14 ta ma’muriy markazni o‘z ichiga olgan reytingda Toshkent 11-o‘rinda qayd etilgan. Aholi jon boshiga yashillik darajasi bo‘yicha Samarqand birinchi o‘rinda turadi. Hafta davomida, shuningdek, avtomobillarga ekologik stiker berishni boshlash 2025 yil 1 martga qoldirildi.

Toshkentda bankdan juda katta miqdorda pul o‘g‘rilamoqchi bo‘lgan jinoiy guruh ushlandi. DXX xabariga ko‘ra, bankning sobiq xodimi 6500 dollar evaziga shu bankda ishlaydigan tanishi, 22 yoshli mutaxassisdan bank foydalanadigan dasturiy ta’minotga kirish imkonini beradigan kodlarni qo‘lga kiritgan. Shundan keyin u sheriklari bilan bankning mobil ilovasiga ulangan mijozlarning 370 mlrd so‘m pulini o‘g‘rilab, xorijiy hisobraqamlarga o‘tkazish rejasini tuzgan. Ular 189 mlrd so‘mni xorijiy valutaga konvertatsiya qilishga uringan vaqtda ushlangani aytilmoqda. Ma’lumot uchun, 370 mlrd so‘m bu 29,3 mln dollardan ortiqni tashkil etadi.

Navoiyda IIB xodimi kartasidagi pulini o‘g‘irlatgan fuqarodan pora oldi. Ma’lum qilinishicha, Karmana tumanida yashovchi fuqaro plastik kartasidagi 62 mln so‘m pulini o‘g‘irlatib qo‘ygan. U ichki ishlar organiga murojaat qilganida, viloyat IIB kiberxavfsizlik bo‘linmasining katta tezkor xodimi pullarni kim yechib olganini aniqlab berish evaziga 600 dollar so‘ragan va shuncha pulni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan. Bundan tashqari, hafta davomida O‘rta Chirchiq tumani gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi 2600 dollar, Urganch davlat universiteti dekani 8500 dollar pora bilan ushlandi.

Taniqli firibgar Jamshid Bahodirov navbatdagi firibgarligi uchun qamaldi. U “Xumo vines” taxallusli vayner bilan birga yuzlab odamlarni “qulay shartlarda avtomobil olib berish”ga ishontirib, chuv tushirgan. Buning uchun Bahodirov 9 yil-u 8 oyga, vayner Humoyun Maxamadjonov esa 8,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Eslatib o‘tamiz, Bahodirov avvalroq “Avto 60 oy” rahbari sifatidagi firibgarligi uchun 8 yilga qamalib, “namunali xulqi” uchun 3 yilda ozodlikka chiqqandi. Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, ayni kunlarda Toshkentdagi “Allianse Motors” avtosaloni ham odamlarni aldab yurgani aytilmoqda, holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Avtomobil va ko‘chmas mulk bozorlarida sovish kuzatilyapti. Iyun oyida yengil avtomobillar bozoridagi sotuvlar hajmi oxirgi 30 oy ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 1 yilda avtomobil bozoridagi faollik 1,4 barobarga qisqargan. Ko‘chmas mulk bozorida esa birinchi yarim yillikdagi sotuvlar respublika bo‘yicha 6 foizga, Toshkent shahrida 14 foizga kamaygan. Avvalroq Markaziy bank aholining uy-joy xarid qilish imkoniyatlari cheklanib borayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid