To‘dako‘l va Quyimozor Xalqaro ahamiyatdagi suvli-botqoq yerlarning Ro‘yxatiga kiritiladi
Buxoro viloyatidagi To‘dako‘l ko‘li va Quyimozor suv ombori hududida hozirda 34 xil o‘simlik o‘sadi va ulardan 8 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, 12 turi esa Markaziy Osiyo endemikasi sanaladi.
Ayni paytda To‘dako‘l ko‘li va Quyimozor suv omborini Ramsar ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan. Hozirda bu xususida vazirlik va idoralarning tegishli xulosalari olingan, deb xabar beradi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, mamlakatimiz hududidagi Dengizko‘l (2001) va Aydar-Arnasoy ko‘llar(2008) tizimi Xalqaro ahamiyatdagi suvli-botqoq yerlarning Ro‘yxatiga kiritilgan. Ekologik barqarorlikni saqlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Sudoche, Qashqadaryo viloyatidagi Achiqko‘l kabi qator ko‘llarni ham Ramsar ro‘yxatiga kiritish buyicha ishlar olib borilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida: Jahon hamjamiyati tomonidan suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilish, bunday hududlarga keng jamoatchilikning e'tiborini jalb etish maqsadida 1971 yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida maxsus Konventsiya qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda mazkur Konventsiyaga 168 ta davlat a'zodir. Bugungi kunda Ramsar ro‘yxatiga 2200 ta suvli-botqoqli hududlar kiritilgan va ularning umumiy maydoni 2,1 mln.km.kvadratni tashkil etadi. O‘zbekiston ham mazkur Konventsiyaga qo‘shilgan.