Yaqinlashib kelayotgan yozning birinchi oyida futbol ishqibozlari intizorlik bilan kutayotgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining final bosqichiga start beriladi. Aytib o‘tish joizki, ko‘hna qit'a chempionati nufuzi jihatidan millionlar o‘yini muxlislari orasida mundialdan keyingi o‘rinda turadi.

Fransiyaning 10ta shahridagi stadionlarda 24ta jamoa o‘rtasida o‘tkaziladigan turnir shu yilning 10 iyunida boshlanib, bir oy davom etadi va 10 iyul kuni yakuniga yetadi.

Turnir mezboni qanday aniqlandi
Tashkiliy qo‘mitaga turnirni o‘z hududida o‘tkazishni hohlagan 9ta davlat ariza tashlagan bo‘lib, ulardan Norvegiya, Shvetsiya, Shotlandiya, Uels, Irlandiya va Rossiya turli sabablarga ko‘ra o‘z arizalarini qaytarib olgan. Shunday qilib, UYeFA ijroiya qo‘mitasining 13 a'zosi ishtirok etadigan so‘nggi ovoz berish bosqichlarida Fransiya, Turkiya va Italiya davlatlari qatnashdi. Tanlovning yakuniy qaroriga ko‘ra o‘z raqiblaridan ko‘p ovoz olgan Fransiya Yevro-2016 mezboniga aylandi.

Saralash bosqichi
Kvalifikatsion bosqichga qur'a tashlash marosimi 2014 yilning 23 fevralida Nitstsa shahrida bo‘lib o‘tdi. UYeFA tashkiloti ushbu bosqich oldidan bir nechta qarorlar qabul qildi. Avvalgi Yevro – 2008 saralashida bir-biriga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan Armaniston va Ozarbayjon termalari siyosiy sabablar tufayli Yevro-2016 kvalifikatsiya musobaqasida ham bir guruhga qo‘yilmadi. Ispaniya va Gibraltar termalari bilan ham shunday holat yuz bergan.

Saralash musobaqalari tizimiga ko‘ra 6 jamoadan iborat 8 guruh va 5 termadan tashkil topgan bitta guruh final yo‘llanmasini kiritish uchun kurash olib bordilar. O‘z guruhida g‘olib bo‘lgan va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan termalar Yevropa chempionatiga to‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni eng yaxshi ko‘rsatkichlar bilan egallagan bir jamoa ham final ishtirokchisiga aylandi. Qolgan 8 guruhdagi uchinchi o‘rin sohiblari o‘zaro to‘qnashishga majbur bo‘ldi.

Saralash bosqichida ishtirok etgan 54 jamoadan 23tasi final bosqichiga yo‘llanma olib, turnir mezboni Fransiya bilan birgalikda nufuzli turnirda g‘oliblik uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Futbol bahslari o‘tkaziladigan shahar va stadionlar
Yevro-2016 o‘yinlarini qabul qiluvchi shaharlar orasida bundan oldingi yillarda ham Yevropa chempionati va jahon birinchiligini o‘tkazganlari ham bor.

Cen-Deni shahridagi “Stad de Frans” stadioni – 81,338 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;