O‘zbekiston prezidenti vazifalarini bajarish zimmasiga yuklatilgan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqi vaqtida mamlakat oldida turgan ustuvor vazifalarni aytib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev qayd etdiki, O‘zbekiston keyingi yillarda erishilgan yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini mustahkamlab, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishi kerak.
«Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillardagi iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolish zarur. Milliy valyutamiz barqarorligini ta'minlash, bank tizimini mustahkamlash, mamlakatimizda va mahalliy darajada byudjyet barqarorligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak. Bunda chetdan qarz olish bo‘yicha konservativ yondashuv siyosatini davom ettirish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Bularning barchasi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning avvalo o‘zimizning kuch va imkoniyatlarimizga tayanish zarurligi haqidagi uzoqni ko‘zlagan strategiyasini davom ettirish bilan bog‘liq», - deya qayd etgan Shavkat Mirziyoyev.
«Ikkinchidan, nodir va qimmatbaho metallarni chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat va kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishimiz zarur», - degan u.
«Uchinchidan, tashqi bozorlarda raqobat va beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan bir qatorda mamlakatimiz hududlarida ham raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish alohida ahamiyatga ega», - deya qayd etgan u.
«Ana shu maqsadda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklarining eksportda ishtirok etishini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Bu iqtisodiy o‘sish, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish, aholining mehnat bilan bandligini ta'minlash va moddiy farovonligini oshirishning asosiy lokomotivi bo‘lishi kerak», - degan Shavkat Mirziyoyev.
«To‘rtinchidan, Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sub'yektlari manfaatlarini mustahkam himoya qilish to‘g‘risidagi talab va topshiriqlari ijrosini izchil davom ettirish darkor. Turli byurokratik to‘siqlar va asossiz tekshiruvlarni bundan keyin ham qat'iyat bilan cheklash zarur», - deya qo‘shimcha qilgan u.














