Tashrif dasturiga muvofiq, Belgrad shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakatning rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes forumi oʻtkaziladi.

Boʻlajak muloqotlar kun tartibidan Oʻzbekiston – Serbiya koʻp qirrali sherikligini yanada mustahkamlash masalalari oʻrin olgan.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda transport, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari kabi ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.

Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo kelishuvlarning salmoqli toʻplami qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 2025-yil 28-31 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlgan edi. Prezidentlar qoʻshma deklaratsiya imzolagandi. Shundan soʻng davlat rahbarlari 2026-yil may oyida Bokudagi Butunjahon urbanizatsiya forumi doirasida uchrashuv oʻtkazishdi.