O‘zbekiston | 11:48 / 17.09.2016
26151
4 daqiqa o‘qiladi

"Adolat" SDP O‘zbekiston Prezidentligi saylovida ishtirok etadigan o‘z nomzodini e'lon qildi

2016 yil 17 centyabr kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining VI Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Siyosiy Kengashi, Markaziy Taftish komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda O‘zbekiston “Adolat” SDPning joriy yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risidagi masala muhokama etildi. Mamlakat hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu jarayonda O‘zbekiston “Adolat” SDPning munosib ishtirok etishi zarurligi alohida ta'kidlandi. 

Kun tartibidagi masala yuzasidan partiya Siyosiy Kengashi a'zolari fikr bildirib, Prezident saylovi demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi, xalqning xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shakli ekanligini qayd etishdi. O‘z navbatida “Adolat” SDPning dasturiy maqsad va vazifalari o‘zida aholi manfaatlarini ifoda etishi, hamda bo‘lajak saylovlar partiya g‘oyalarini yana bir bor saylovchilar orasida keng targ‘ib qilish, partiyadan ko‘rsatiladigan Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi orqali elektorat manfaatlarini yanada chuqurroq ifodalash imkonini berishini, shu bois, milliy saylov qonunchiligida siyosiy partiyalarga berilgan ushbu imkoniyatdan foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Muhokamalar davomida O‘zbekiston “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topildi.
Plenum ishtirokchilari ushbu saylovda partiya nomzodi xususidagi masalani ham atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Mazkur masalada yig‘ilish qatnashchilari, partiya elektorati va tarafdorlarining xohish-irodasidan kelib chiqib, Siyosiy Kengash raisi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Nariman Madjitovich Umarov nomzodini partiyaning navbatdagi VIII Qurultoyida ko‘rsatilishini qo‘llab quvvatladilar. 

Ushbu masala yuzasidan so‘zga chiqqan partiya Siyosiy Kengashi a'zolari O‘zbekiston “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodi N.Umarov yetarli hayotiy tajribaga ega ekanligi, safdoshlari orasida obro‘-e'tibor qozonganligi hamda bo‘lajak saylovda ishtirok etish uchun munosib nomzod ekanligini qayd etib o‘tishdi.

Partiyaning ushbu saylovlarda ishtiroki bilan bog‘liq masalalar uning oliy organi – Qurultoyida hal qilinishidan kelib chiqqan holda majlis qatnashchilari O‘zbekiston “Adolat” SDPning navbatdagi VIII Qurultoyini 2016 yilning 15 oktabr kuni Toshkent shahrida chaqirilishini belgilab oldilar. 
Muhokama yakunida Plenum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qatnashish maqsadida tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish, Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim qilish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tishdi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid