Jahon | 11:41 / 21.09.2016
7610
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov: Suriya HHK BMT gumanitar karvoniga hujum qilishi mumkin emas

Suriya harbiy havo kuchlari samolyotlari Halab yaqinidagi insonparvarlik yuklari olib ketilayotgan avtokarvonga hujum qilishi mumkin emas, chunki ular qorong‘u vaqtda bombardimon qilish imkoniyatiga texnik jihatdan ega emas, deb bayonot bergan Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov.

19 sentabr, seshanbaga o‘tar kechasi Suriya Arab Qizil yarimoy jamiyati va BMT gumanitar tashkilotlari hamkorlikda tashkil etgan insonparvarlik yuklari ortilgan avtokarvon Halab shahridan shimoli-g‘arbda Urum al-Kubro hududida o‘qqa tutilgan edi. Mazkur yo‘nalish Damashq va qurollangan muxolifat bilan kelishilgan bo‘lgan. Xalqaro Qizil xoch jamiyati Suriya arab Qizil yarimoy jamiyatining bir xodimi va kamida 20 nafar ko‘ngillilar halok bo‘lganini ma'lum qilgan. 

AQSh fikricha, karvonga havo zarbalarini yoki Suriya hukumat qo‘shinlari yoxud Rossiya harbiy kosmik kuchlari bergan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Vashington "har qanday vaziyatda" javobgarlik Moskva zimmasida deb hisoblamoqda. 

Damashq va Moskvaga nisbatan ayblovning ilgari surilishini Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov asossiz deb baholagandi. 

"Bizning harbiylarimiz allaqachon, bizning aviatsiya u yerda faoliyat ko‘rsatmagani haqida bayonot berib bo‘lishdi. Suriya aviatsiyasi esa, tungi vaqt bo‘lgani bois, zarba bera olmas edi. Chunki, ular qorong‘u vaqtda uchishlari uchun imkoniyatga ega emas. Hujum gumanitar yuklar sharqiy Halabda tushirilayotgan vaqtda yuz bergan", — degan Sergey Lavrov "Rossiya-1" telekanalida.

Rossiyalik harbiy ekspertlar voqea joyida olingan suratlarni o‘rganib, karvonga snaryadlar tushganiga oid alomatlarni topishmagan. Videolavhalarda yong‘in izlari bo‘lib, u "Jabhat an-Nusra" terrorchilik tashkilotining Halab sharqiga hujumini boshlagan vaqtiga to‘g‘ri kelgan. 

Rossiya bir necha marotaba, Suriyadagi avianishonlarni tanlashda razvedka ma'lumotlarini diqqat bilan o‘rganib chiqishini bildirgan. Bundan avval ham, Rossiya HKK samolyotlarining fuqarolik inshootlariga zarba bergani to‘g‘risidagi xabarlar ham bir necha marta o‘z tasdig‘ini topmadi. 
 

Mavzuga oid