Suriyada BMT gumanitar karvoniga hujum qilingan hududda karvon alanga ichida qolgan vaqtda AQSh boshchiligidagi koalitsiya droni bo‘lgan, deb aytdi Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov.
Konashenkov AQShning Halabdagi gumanitar karvonga hujum qilinishida Rossiyani ayblashi hamda u yerda Su-24 samolyotlarining bo‘lganini aytishi Rossiyani 19 sentabrdagi fojianing nozik tomonlarini oshkor qilishga majbur qilishini aytdi.
"Gapni shundan boshlamoqchimanki, Rossiya mudofaa vazirligi 19 sentabrda gumanitar karvonga aviazarba berilgan kechki vaqtdagi havodagi vaziyatning obektiv nazorati ma'lumotlariga ega. Rossiya samolyotlari Urum-al-Kubra aholi punkti hududida hech qanday zarbalarni rejalashtirmagan va uni amalga oshirmagan. Shuning uchun Rossiya samolyotlari bu hududda umuman bo‘lmagan", deb gapni boshladi Konashenkov matbuot-anjumanida.
"Bundan tashqari, 19 sentabrda Rossiyaning "Hmaymim" bazasidagi aviaguruh qo‘mondonligining vakili bilan telefon suhbatida AQSh harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining polkovnik unvonidagi vakili bu haqda batafsil xabardor qilingan. Uning familiyasi AQShga yaxshi ma'lum. 19 sentabrda kechki vaqtda gumanitar karvon bo‘lgan hududda Injirlik bazasidan havoga ko‘tarilgan hamda 3600 metr balandlikda 200 km/soat tezlik bilan harakatlanayotgan xalqaro koalitsiya uchuvchisiz parvoz qurilmasi bo‘lgan", deb o‘z so‘zlarini davom ettirdi Rossiya vakili.
Uning aytishicha, "parvoz qurilmasi havodagi vaziyatni nazorat qilish tizimlari tomonidan "Predator" turidagi dron sifatida identifikatsiya qilingan".
Konashenkovning ta'kidlashicha, dron karvon bo‘lgan Urum-al-Kubrada uning yonishidan bir necha daqiqa oldin paydo bo‘lib, bu hududni taxminan 30 daqiqadan keyin tark etgan.
"Ta'kidlab o‘tmoqchiman, koalitsiyaning aviazarbasi oqibatida 200 dan ko‘proq odam halok bo‘lib, jarohatlangan 17 sentabrdagi Daur-az-Zordagi fojiadagi kabi biz quruq xulosalar qilmaymiz. Savol shundaki, uchuvchisiz parvoz qurilmasi bu nuqtada kerakli vaqtda qanday maqsad bilan bo‘lgan va u yerda qanday vazifalarni bajargan? Bu faqat uning egalariga ayon", deb ta'kidlab o‘tdi Konashenkov.
Konashenkovning aytishicha, bu turdagi dron nafaqat vaziyatni monitoring qilish, balki yerdagi zarba beruvchi vositalarni nishonga to‘g‘rilashi hamda mustaqil ravishda yerdagi obektlarga aniq zarbalar berishga qodir.
Konashenkovning aytishicha, G‘arb "axborot shovqini" ortida Daur-az-Zordagi fojiani "yopdi-yopdi" qilishga urinmoqda hamda dunyo hamjamiyati e'tiborini "Jibhat an-Nusra" jangarilari tomonidan Halabga hujum qilinayotganidan chetga olib qochmoqchi.















