Yaqinda anchadan beri ko‘rmagan dugonamni uchratib qoldim. Suhbatni qisqa qilganidan qayergadir shoshayotganini sezdim, yanglishmabman — repititoriga oshiqayotgan ekan. 

Buning nimasi qiziq dersiz? Albatta, keyingi yillarda buning sira ajablanarli joyi qolmadi. Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari yaqinlashgani sari aksariyat abituriyentlar repititorga serqatnov bo‘lib qoladi. O‘zlari-ku yosh, qiziqqon, hali ba'zi narsalarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishi mumkindir, ko‘pni ko‘rgan ota-onalar-chi? Ular bilan gaplashganda ayrimlarining: «Bugungi o‘qituvchilar yaxshi o‘qitmaydi, shuning uchun bolamni repititorga berdik» degan gaplarini eshitamiz. Xo‘sh, bu fikr qanchalik asosli? O‘zi farzandini o‘qishga tuzukroq qiziqtira olmagan, ilm olishga ishtiyoq uyg‘otishni eplamagan kishilarning ming-minglab zahmatkash muallimlar faoliyati ustidan chiqargan nohaq xulosalari emasmi? Yoki rostdan ham o‘qituvchilar berayotgan bilim yigit-qizlarimizning oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishiga yetarli bo‘lmayaptimi? Umuman, bizning tushunchamizdagi repititor kim o‘zi? Professional o‘qituvchimi yoxud yoshlarni shunchaki kirish imtihonlariga tayyorlaydigan kimsami? Quyidagi mulohazalar orqali shu kabi savollarga javob topishga harakat qilamiz. 

Repititor kerakmi?
— O‘qishga tayyorlanish uchun repititorga boryapman, — deydi Jalaquduq pedagogika va iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Javohir Parpiyev. — Kollej darslarida ham kerakli bilimlar beriladi, albatta. Lekin bu test savollariga javob topish uchun yetarli emas deb o‘ylayman. Repititor esa aynan o‘sha testlarda so‘raladigan ma'lumotlarni saralab yodlatadi.
Repititorga qatnovchi yoshlar orasida so‘rov o‘tkazganimizda, ularning qo‘pchiligi ta'lim muassasasidagi darslardan qoniqmaslini (bu masala gazetamizning o‘tgan sonlaridan birida yoritilgan edi) aytishdi. Repititorga borishdan maqsad esa, ma'lum bo‘lishicha, test ishlashni o‘rganish. Ha, aynan test ishlashni. Muayyan bir fanning sir-asrorlarini emas! 

Bu kabi masalalarga aniqlik kiritish uchun poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan repititorlarning darslarini kuzatdik. Natijada aksariyat repititorlar akademik litsey o‘qituvchilari bo‘lib, ular darsni ta'lim muassasasidagi asosiy mashg‘ulotlar tugagandan so‘ng o‘tishini aniqladik. Repititorlarning o‘zlari bergan ma'lumotga qaraganda, xususiy mashg‘ulotlarga keluvchilar orasida kollejga nisbatan litsey o‘quvchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Akademik litseylar O‘zbekiston Respublikasi “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga asosan, oliy o‘quv yurtiga tayyorlaydigan ta'lim muassasasi hisoblanadi. Buni inobatga oladigan bo‘lsak, gap yana ta'limning sifatiga borib taqaladi. Xo‘sh, akademik litsey o‘z faoliyatga ko‘ra, oliy ta'limga tayyorlovchi muassasa ekan, nima uchun bu vazifani litseyning o‘zi uddalamasligi kerak? Repititorlik fenomeni taraqqiy etganining sabablarini, avvalambor, o‘rta-maxsus ta'lim muassasalaridan, javobgarlikni esa ularning rahbarlaridan so‘rash kerak emasmi? Axir, litseylar shu maqsadda ochilmaganmidi? Yo darslarga ajratilgan soatlar noto‘g‘ri taqsimlanganmi? Balki gap guruhlarda o‘quvchilarning ko‘pligidadir (30-40 tagacha)?!