Jamiyat | 12:20 / 26.09.2016
18724
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat texnika universitetida o‘zbek-yapon innovatsiyalar markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 19 sentabrdagi qaroriga muvofiq Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshida o‘zbek-yapon yoshlar innovatsiya markazi tashkil etiladi. Mazkur qaror matni bilan Lex.uz saytida tanishish mumkin.

Markazni tashkil etishdan maqsad, yosh olimlar va talabalarning ilmiy tadqiqotlarini jahon amaliyoti va xalqaro me'yorlarga mos ravishda zamonaviy, ilg‘or usul va texnologiyalar vositada o‘tkazishlariga sharoit yaratish, shuningdek, yapon olimlari va yetakchi mutaxassislari ishtirokida mamlakat iqtisodiyotining asosiy sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. 

Qayd etish joizki, O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari 2015 yil 25 oktabrida innovatsiyalar markazini tashkil etishda hamkorlik qilish memorandumini imzolagan edi. Shunga ko‘ra, markazni tashkil etishda Tsukuba, Nagoya, Keyo universitetlari, Toyoxashi Texnologiya universiteti va Tokio texnologiya instituti ishtirok etadi. 

Markazning asosiy vazifalaridan biri yosh olim va talabalarning ilmiy kashfiyotlari va texnik g‘oyalarini ishlab chiqarish namunalari, qurilma, texnologik jarayon va yechimlarga aylantirishdir. 

Bundan tashqari, markazda yuqori elektr energiyasi tejamkorligiga ega, atrof-muhitga salbiy ta'siri kamroq bo‘lgan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish ustida ish olib boriladi. 

Shuningdek, unda mahalliy va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-ta'lim doiralari buyurtmalari asosida qo‘shma ilmiy va amaliy tajribalar ham o‘tkaziladi. 

Markaz xodimlar soni 27 kishini, shu jumladan 4 nafar yaponiyalik mutaxassisdan iborat bo‘ladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid