O‘zbekiston | 11:30 / 29.09.2016
15170
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Azimov Janubiy Koreya bilan anglashuv memorandumini imzoladi

29 sentabr kuni Toshkent va Seul O‘zbekistonda yangi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqida Koreya Respublikasining Strategiya va moliya vazirligi xabar berdi. 

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi  o‘rinbosari hamda moliya vaziri Rustam Azimov va Janubiy Koreya moliya vaziri Yu Il Xoning Seuldagi muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolandi.   

Muzokaralar davomida Rustam Azimov va Yu Il Xo O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik rivoji, shuningdek mamlakatimizdagi loyihalarda KR kompaniyalarining ishtirokini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi. 

Tomonlar muzokaralar yakuniga ko‘ra, yangi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolashdi. 

Memorandum doirasida Janubiy Koreya hukumati Toshkent Aeroportining 350 million dollar qiymatli yangi xalqaro yo‘lovchi terminali qurilishi uchun moliyaviy resurslarni taqdim etadi. Shuningdek tomonlar hamkorlikda milliy ma'lumotlar markazini yaratishadi. 

Janubiy Koreya loyihani amalga oshirish uchun o‘zining Hamkorlik va iqtisodiy taraqqiyot fondi orqali 250 million dollar taqdim qiladi, O‘zbekiston hukumati 100 million dollar ajratadi. 

Shuningdek Rustam Azimov O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha muzokaralarning sakkizinchi davrasida ishtirok etdi. 

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistondagi investitsiya, infratuzilma va energetika taraqqiyoti loyihalarida Janubiy Koreya kompaniyalarining ishtirokini muhokama qilishdi. Tomonlar ikki mamlakat eksportchilariga ko‘mak berish uchun Maslahat kengashi tuzishga qaror qilishdi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid