O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning mamlakat o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini yo‘lladi. Tabrik matni 30 sentabr, juma kuni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Avvalambor, dunyodagi eng ulug‘ va sharafli kasb egasi bo‘lgan siz, azizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu sana bundan 19 yil oldin O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov tashabbusi bilan el-yurtimizning sizlarga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromining amaliy ifodasi, umumxalq bayrami sifatida ta'sis etilganini albatta hammamiz yaxshi eslaymiz.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishni kelajagi buyuk O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim sharti deb bilgan, sizlarga o‘zining eng yaqin maslakdoshlari sifatida katta ishonch va hurmat bilan qaragan Yurtboshimizning o‘zlari ham barchamiz uchun mehribon ustoz, talabchan murabbiy edilar.

Islom Abdug‘aniyevich Vatanimizni buyuk muhabbat bilan sevish, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish, bu yo‘lda bor bilim va tajribamiz, butun borlig‘imizni safarbar etish borasida biz uchun yuksak ibrat maktabini yaratib ketdilar.

Jahon hamjamiyatida «o‘zbek modeli» deb tan olingan taraqqiyot strategiyamizning ajralmas qismi bo‘lgan zamonaviy ta'lim-tarbiya tizimiga asos solgan, bu sohani davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarib, uning rivojlanish yo‘llarini aniq belgilab bergan, «Butun O‘zbekiston bolalari – mening aziz farzandlarim» deb ularni hamisha e'zozlagan Islom Abdug‘aniyevich Karimovning o‘lmas tarixiy xizmatlarini bugungi va kelgusi avlodlar doimo chuqur minnatdorlik bilan yodga oladi.

Ulug‘ ustozimizning ezgu g‘oya va vasiyatlari asosida ta'lim va tarbiya sohasidagi tub islohotlarni yuksak bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini voyaga yetkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish hammamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimiz bo‘lib, biz bu yo‘lda birinchi navbatda siz, azizlarga, sizlarning bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingizga tayanamiz.

Aziz do‘stlar!

Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.