Jahon | 15:04 / 07.10.2016
6526
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya dunyo mamlakatlarini KXDR bilan munosabatlarni uzishga chaqirmoqda

Foto: RIA

Janubiy Koreya tashqi siyosat mahkamasi rahbari Yun Byon Se jahon mamlakatlariga murojaat qilib, KXDRga qarshi faol diplomatik choralar ko‘rishga, kerak bo‘lsa, Pxenyan bilan rasmiy munosabatlarni uzish va yoki aloqalarni qisqartirishga undadi

Tashqi ishlar vaziri Yonhap agentligiga bergan intervyusida aytishicha, BMT XK rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzgan holda yadro va ballistik raketa sinovlarini o‘tkazib kelayotgan "Shimoliy Koreyaga nisbatan qat'iy diplomatik choralar ko‘rish vaqti kelgan".

Yun Byon Se o‘z fikriga, BMT nizomining 41-moddasini asos qilgan. Unga binoan, XK qarorini bajartirish uchun u yoki bu mamlakatga nisbatan ko‘riladigan choralarga "iqtisodiy, temir yo‘l, dengiz, havo, pochta, telegraf, radio yoki boshqa axborot vositalari orqali aloqalarni to‘liq yoki qisman to‘xtatish hamda diplomatik munosabatlarni uzish ham kiradi".

Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri NATO kengashining Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida shunday bayonot bergan. U shu bilan o‘tgan oyda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Deniyel Rassel tomonidan ilgari surilgan Vashington g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. 

KXDR dunyoning 164 davlati bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan, biroq ularning barchasi ham Pxenyanda elchilariga ega emas. KXDRda 24ta davlat elchixonasi mavjud bo‘lsa, Shimoliy Koreya dunyoning 46ta davlatida o‘z elchixonalariga ega hisoblanadi. 

Mavzuga oid