Jahon | 07:51 / 15.10.2016
6889
2 daqiqa o‘qiladi

"Mettyu" bo‘roni Gaitida 80 foizgacha hosilni yo‘q qildi

Foto: © AFP

"Mettyu" bo‘roni Gaitida 80 foizgacha hosilni yo‘q qildi. Bu esa mamlakatda ocharchilikka sabab bo‘lishi mumkin, deb aytdi BMT taraqqiyot dasturining (PROON) Gaitidagi kuratori Ivonn Xell.

"Bu falokatdir va bizni yarim yildan keyin ocharchilik kutishini bildiradi", deb Xellning aytgan so‘zlarini keltirib o‘tdi Reuters axborot agentligi. 

Ma'lum qilinishicha, bo‘ron guruch, javdar va dukkakli o‘simliklarni yo‘q qilgan. Tabiiy ofat mamlakat eksportining asosiy mahsulotlari bo‘lgan kakao, qahva va mevali daraxtlarga ham ziyon yetkazgan.   

BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, hosilning kamligi 100 mingdan ko‘proq bolaning ocharchiligiga olib keladi. Gaiti aholisining yarmi shundoq ham mamlakatga bo‘ron yopirilishigacha to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekib kelardi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 11 oktabr holatiga ko‘ra, Gaitida bo‘rondan halok bo‘lganlar 470 dan ko‘proqni tashkil qilmoqda, 75 kishi bedarak yo‘qolgan, 340 kishi turli jarohatlar olgan. 1,4 mln dan ko‘proq gaitiliklar, jumladan 592 mingdan ko‘proq bola gumanitar yordamga muhtoj.   

 

Mavzuga oid