Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moldaviyada prezidentlik saylovi arafasida korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirildi
Moldaviya yo‘l politsiyasining 28 nafar xodimi Politsiya milliy inspektoratining katta majlisida hibsga olindi. Unda IIV rahbariyati, Milliy patrul xizmati va boshqa bo‘linmalar xodimlari ham ishtirok etgan.
"Interfaks" agentligining xabar qilishicha, majlis vaqtida Politsiya milliy inspektorati rahbari Aleksandr Pynzar 28 nafar politsiya xodimining ismi-sharifini aytgan, ularni yoniga borgan korrupsiyaga qarshi kurash Milliy markazi ofitserlari qo‘llariga kishan taqqan holda, majlislar zalidan olib chiqishgan. Yana besh nafar xodim qidiruvga berilgan.
Prokuraturaning uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Viorel Morarning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, Politsiya milliy inspektorati rahbariyati va prokurorlarga talonchilik nishoni bo‘lgan fuqarolar murojaat qilishgan.
"17ta ariza bor. Ularni oddiy haydovchilardan tortib, avtomobil xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar rahbarlari bergan. Ularning barchasi talonchi inspektorlarga 100 leydan 1000 AQSh dollarigacha to‘lab kelgan. Pora miqdori yo‘l qoidasining jiddiyligiga bog‘liq bo‘lgan", - deb izohlagan Morar.
Ekspertlarning fikricha, bu harakatlar prezidentlik saylovi arafasida hukumatning korrupsiyaga qarshi samarali kurashini isbotlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Shu hafta yakshanba kuni, 30 oktabrda prezidentlik saylov bo‘lib o‘tishi kerak. O‘tgan haftada, Lisenziya palatasining besh nafar rahbar xodimlari ham hibsga olingan edi. Ular bir nechta o‘yinxonalar litsenziyasini noqonuniy tarzda uzaytirib berishgan. Bundan tashqari, 200ga yaqin kazino va o‘yin avtomatlariga ega zallar yopilgandi. Sentyabr oyi oxirlarida esa, 20 nafarga yaqin sudyalar va sud ijrochilari ushlangandi.