AQSh prezidentligiga saylovning o‘ziga xos jihatlari
“Okeanorti mamlakati”da prezidentlik saylovlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. AQShda prezident saylovi har 4 yilda - 4 ga qoldiqsiz bo‘linuvchi yillarning noyabr oyining birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanbasida o‘tkaziladi. Ko‘pchilik, demak noyabrning birinchi seshanbasida ekan-da, deyishi mumkin. Ammo bunday emas. Maboda 1 noyabr seshanbaga to‘g‘ri kelib qolsa, u holda saylovlar 8 noyabrda o‘tkaziladi.
AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident kamida 35 yoshli Amerika fuqarosi bo‘lishi lozim. Prezidentlikka nomzodlar har to‘rt yilda bir maratoba o‘tkaziluvchi prezident saylovlaridan bir necha oy ilgari siyosiy partiyalar tomonidan tanlab olinadi. Buning uchun saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ichida oraliq saylovlar, ya'ni praymeriz o‘tkaziladi. Ayni shu praymeriz yakunlariga ko‘ra partiyalarning yagona nomzodi aniqlanadi. Praymeriz inglizcha so‘z bo‘lib, “boshlang‘ich, dastabki saylovlar” degan ma'noni anglatadi. Ko‘pchilik “oraliq saylovlar” ham deb ataydi. Bu noto‘g‘ri qilingan tarjimadir. AQShda Oraliq saylovlar bo‘shab qolgan o‘rinlarni to‘lg‘azish maqsadida faqat Kongressda o‘tkaziladi.
Praymeriz tadbiri jahonning bir qator mamlakatlarida o‘tkazilishiga qaramay, nima uchundir ko‘proq AQShga xos jarayon sifatida ko‘riladi. Bu mamlakatda har to‘rt yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari o‘tadigan yilning yanvar-iyun oylarida partiyalar praymeriz o‘tkazadi. Unda siyosiy partiyalardan prezidentlikka yagona nomzod tanlab olinadi. Ko‘p hollarda jaryonning o‘rtalarida yagona nomzodning kim bo‘lishi aniqlanadi. Mobodo shu davr ichida yagona nomzod aniqlanmaydigan taqdirda, uni hal qilinishini partiya oliy anjumanigacha kutishga to‘g‘ri keladi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda praymerizdan asosiy maqsad bir partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ovozlarni bir-birlaridan tortib olmaslik uchun shtatlarda dastabki saylovlar o‘tkaziladi. Partiyalardan ko‘rsatiladigan nomzodlar praymeriz davomida 1144 delegatning qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘lishi lozim. Shuni ta'kidlash kerak-ki, praymerizda mag‘lubiyatga uchragan nomzodlar ko‘p hollarda mustaqil nomzod sifatida prezidentlik saylovlarida ishtirok etishadi.
Eslatib o‘tish kerak-ki, AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida faqat ikki nomzod - demokratik va respublikachilardan vakillar qatnashadi degan tassavvur mutlaqo noto‘g‘ridir. Aslida prezidentlik saylovlariga rasman o‘nlab nomzodlar qo‘yiladi. Biroq yozilmagan qoidalarga ko‘ra, nima uchundir 2 ta partiya vakillariga ko‘proq e'tibor qaratiladi.
AQShda ilk bor praymeriz 1842 yilda o‘tkazilgan. 1903 yilda esa ilk bor Viskonsin shtatida “Majburiy praymeriz o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 1927 yilga kelib esa, barcha shtatlarda bu kabi qonunlar qabul qilinib, kuchga kirdi. Shu tariqa praymeriz partiyaviy nomzodlarni tanlab olishda asosiy jarayon sifatida tan olindi. Unga qadar nomzodlar partiya anjumanlarida, ko‘p hollarda muzokaralar samarasi o‘laroq tanlab olinardi. Keyinchalik “mahalliy partiya rahbarining ta'sirini susaytirish maqsadida praymerizlar o‘tkazilishi kerak”, degan fikrga kelindi. Ayni damda AQShning 11ta shtatida praymeriz emas, balki partiya konferensiyalari yoki partiyaviy referendumlar(kokuslar) o‘tkaziladi. Praymeriz to‘g‘ridan to‘g‘ri va yashirin ovoz berish asosida o‘tkaziladi. Yashirin ovoz berishda partiyaning ro‘yxatga olingan a'zolarigina qatnashadi. Ochiq ovoz berishda esa partiyaviy qarashidan qat'i nazar barcha xohlovchilar ishtirok etadi. Mabodo, bir partiyaning praymerizida boshqa partiya tarafdori ishtirok etgudek bo‘lsa, partiyaning umummilliy anjumani mazkur shtatdagi ovoz berish natijalarini tan olmasligi mumkin. Ovoz berish jarayonini har bir shtatning o‘zi belgilaydi. 80-yillardan boshlab fevral oyining birinchi seshanbasida bir nechta shtatda o‘tkaziladigan “superseshanba” fenomeni yuzaga keldi.
1951 yilda tasdiqlangan 22-qo‘shimchaga muvofiq, AQShda prezident lavozimi 2 muddat bilan chegaralangan. Vitse-prezident prezident bilan birgalikda xizmat qiladi. Vitse-prezident vorislik huquqiga ega bo‘lishdan tashqari Senat raisi hamdir. Ham prezident, ham vitse-prezident o‘z lavozimlaridan ketish hollarida, prezidentlikni Vakillar Palatasining raisi (spikeri) o‘z zimmasiga oladi. Keyingi navbatda, Senatga vaqtinchalik raislik qiluvchi(vitse-prezident yo‘q bo‘lgan hollarda, majlisga raislik qilishga Senat tomonidan saylanuvchi senator) va so‘ngra, muayyan tartibda, Vazirlar maxkamasi arboblari tayinlanadi.
Amerika tizimi prezident saylashning faqat o‘ziga xos usuliga egadir. Nomzodlarning ism-shariflari saylash varaqalarida belgilangan bo‘lishiga qaramay, texnik jihatdan saylovchilar prezident (yoki vitse-prezident) uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz bermaydilar. Har bir shtat aholisi o‘sha shtatning Kongressda bo‘lgan senator va vakillar soniga teng “Prezident saylovchilari”ni saralaydi. Har bir shtatning eng ko‘p ovoz olgan nomzodi mazkur shtatning barcha “saylov ovoz”larini o‘z hisobiga o‘tkazishga erishadi.
Barcha 50ta shtat va Kolumbiya okrugining saylovchilari - jami 538 shaxs - Saylovchilar Kollegiyasi sifatida ma'lum bo‘lgan Hay'atni tashkil qiladi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Kollegiya hech qachon bir tashkilot tariqasida bir joyda to‘planmaydi. Balki mazkur saylovchilar shtat poytaxtlarida saylovdan ko‘p o‘tmay yig‘ilishadi va o‘z shtatlarida aholining ko‘pchilik ovoziga erishgan nomzodga ovoz beradilar. Muvaffaqiyat qozonish uchun, prezidentlikka nomzod iloji bo‘lgan 538 ovozdan 270 ovoz to‘plashi shart.
Prezidentlikning 4 yillik muddati noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng, 20 yanvarda boshlanadi. An'anaga binoan, prezidentning rasmiy faoliyati Kapitoliy binosida joylashgan Kongressning zinalarida o‘tkaziluvchi inaugratsiya (lavozimiga qasamyod qilish) marosimidan boshlanadi. Oliy Sudning Bosh sudyasi boshchiligida yangi prezident oshkora ravishda o‘z mansabiga qasamyod qiladi. Qasamyod marosimidan so‘ng, inaugratsiya murojjatnomasi e'lon qilinib, yangi prezident o‘zining siyosiy yo‘nalishi va rejalari asoslarini bayon etadi.
So‘ngi so‘z o‘rnida AQSh Prezidentining mansabi jahondagi eng qudratli mansablardan biri ekani eslatib o‘tamiz. Prezident, AQSh Konstitutsiyasida belgilanganidek, “Qonunlar halol ijro etilishi to‘g‘risida jon kuydirishi” lozim. Mazkur ma'suliyatni ado etish uchun prezident federal hukumatning ijroiya tarmog‘ini- taxminan 4 million kishilik ulkan tashkilotni boshqaradi. Shulardan bir millioni harbiylardir. Qo‘shimcha ravishda prezident muhim qonun chiqarish va sud huquqlariga ham egadir.
Sharofiddin To‘laganov
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024
Tramp lavozim taqsimlamoqda: Pentagon jurnalistga, Maskka yangi departament
15:44 / 13.11.2024