Jamiyat | 11:40 / 01.11.2016
7148
2 daqiqa o‘qiladi

CNN debatlardan avval Klintonni savollardan biri bilan tanishtirgan xodimini ishdan bo‘shatdi

Foto: The New York Times

Amerikaning CNN telekompaniyasi AQSh prezidentligiga Demokratlar partiyasi nomzodi, sobiq davlat kotibi Hillari Klintonni debatlarda berilgan savollardan biri bilan oldindan tanishtirgani uchun Donna Brazil bilan shartnomasini uzdi. Bu haqida kanalning rasmiy vakili Louren Protapasning bergan ma'lumotiga asoslanib, The New York Times va bir qator boshqa OAV xabar berdi.  

Brazil joriy yilning iyuliga qadar CNN'da muxbir va tahlilchi bo‘lib ishlagan. U Demokratik partiya milliy qo‘mitasining raisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lish uchun telekompaniyadagi faoliyatini to‘xtatgan. 

Bundan avval Wikileaks tashkiloti joriy yilning martida Brazil Klintonning yordamchisiga xat yo‘llab, unda Flint shahrida (Michigan shtati) bo‘lib o‘tadigan saylov oldi debatlarida Klintonga atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurash mavzusida savol berilishini ma'lum qilganligini oshkor etgandi. Ogohlantirish to‘g‘ri bo‘lib chiqdi va sobiq bosh kotibga haqiqatdan ham shunday savol berildi. 

Protapasning bildirishicha, Brazil bilan tuzilgan shartnoma 14 oktabrda rasman to‘xtatilgan. "U CNN xodimi bo‘lgan paytda Klinton bilan hamkorlik qilganligidan xabar topishimiz bizni juda noqulay ahvolda qoldirdi. CNN hech qachon Brazilga debatlardan oldingi uchrashuvlarga doir ma'lumotlarni taqdim qilmagan", - deya ta'kidladi telekanal xodimi. 

Brazilning o‘zi bu ayblovlarni inkor qilmoqda. U dushanba kuni Twitter ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozuv qoldirdi: "CNN'dan minnatdorman. Telekompaniyada demokratlar va muxbirlar strategiyasi bo‘yicha ekspert sifatida ishlash men uchun sharaf bo‘ldi. Sobiq hamkasblarimning barchasiga omad!"
 

Mavzuga oid