«Arsenal» va «PSJ» navbatdagi yirik hisobli g‘alabalarga tayyorlanmoqda, «Beshiktosh» «Napoli»ga qarshi safar o‘yinidagi muvaffaqiyatni o‘z uyida ham takrorlashi mumkin, Kiyevning «Dinamo»si Lissabonda hayot-mamot o‘yinini o‘tkazadi, Aren Robben ilk marta gollandlarga qarshi o‘ynaydi, «Manchester Siti» esa Barselonadagi sharmandali natija uchun javob qaytarishga urinib ko‘radi.

A guruhi
Bu guruhda 4-tur o‘yinlaridan keyin barchasi oydinlashishi mumkin. Kvartet yetakchilari — Londonning «Arsenal»i hamda fransuzlarning «Pari Sen-Jyermen» jamoasi bu turda safar qilishadi — inglizlar Bolgariyada «Ludogorets» bilan, parijliklar Shveytsariyada «Bazel» bilan o‘ynaydi .

Uchinchi turni o‘z maydonlarida o‘tkazgan grandlar yirik hisoblarda g‘alabalar qayd etishgandi. Mesut O‘zilning het-triki «Arsenal»ga «Ludogorets»ni 6:0 hisobida yengish imkonini bergandi, «PSJ» esa «Bazel» bilan uchrashuvda Edinson Kavanining 3 goli evaziga g‘alaba qozongandi.

«Arsenal» safar uchrashuviga bir qator yetakchilarini olib ketmayapti. Arsen Venger Ektor Belerin, Nacho Monreal, Santi Kasorla va Teo Uolkottga dam berishga qaror qilgan. «Kanonirlar» hafta oxirida «Tottenhem»ga qarshi derbi uchrashuvini o‘tkazadi.

Ayni vaqtda guruhda «Arsenal» va«PSJ» 7 ochkodan to‘plagan, «Bazel» va «Ludogorets» bittadan ochkoga ega.

B guruhi
Bugun boshqa o‘yinlardan ertaroq bo‘lib o‘tadigan uchrashuv Turkiyada o‘tkaziladi. «Beshiktosh» Toshkent vaqti bilan soat 22.45da Italiyaning  «Napoli» klubiga qarshi uchrashuvini boshlaydi. Ikki soat o‘tib guruhning ikkinchi uchrashuvi «Benfika» va Kiyevning «Dinamo» jamoalari o‘rtasida boshlanadi.

Istanbulliklar klubi 3-turda Neapolga safar qilgan hamda Vensan Abubakarning oxirgi daqiqada qayd etgan dubli evaziga 3:2 hisobida g‘alabaga erishgandi.

«Napoli»ning hujumdagi variantlari xilma-xil. Lekin biz ham himoyaga yotmoqchi emasmiz, biz ularni o‘z darvozamizdan uzoqroqda tutib turishga harakat qilamiz», — deya javob uchrashuvi ham yorqinroq kechishiga va'da qilgan turkiyaliklar jamoasi bosh murabbiyi Shenol Gunesh.

Turklar jamoasi tarkib bilan bog‘liq qiyin muammolarni boshdan kechirmoqda: Janer Erkin va Anderson Taliska jiddiy jarohatlar tufayli uzoq vaqtga safdan chiqqan, O‘g‘uzxon Ozyoqub, Najib Uysal, Go‘kxon Inler va Atiba Xatchinson ham «o‘yindan tashqarida holatda» . «Napoli»da esa jarohat tufayli himoyachi Raul Albiol va hujumchi Arkadiush Milik maydonga tushmaydi.