Fan-texnika | 10:45 / 08.11.2016
6746
2 daqiqa o‘qiladi

2017 yildan keyin Tesla mashinalarini sotib olganlar quvvatlash stansiyalaridan foydalanganlik uchun haq to‘laydilar

Foto: Geektimes.ru

AQShning elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi 2017 yildan o‘zi ishlab chiqargan mashina egalariga kompaniyaning quvvatlash stansiyalaridan bepul foydalanishni taqdim qilishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya bergan bayonotda aytilgan.       

Unda ta'kidlanishicha, Tesla avtomobillariga 2017 yil yanvardan keyin buyurtma beradiganlarga 400 kilovatt-soatlik bepul quvvatlash imkonini beruvchi maxsus qartalar taqdim qilinadi. Bu quvvat 1,5 ming km yo‘l bosib o‘tish uchun yetarli bo‘ladi. Bu miqdor tugagandan keyin ular elektr quvvatlash stansiyalaridan foydalanganlari uchun haq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Xizmat narxi hozircha ma'lum qilinmagan. 

Tesla avtomobillarini joriy yil oxirigacha sotib olishga ulgurgan haydovchilar esa quvvatlash stansiyalaridan foydalanganliklari uchun haq to‘lamaydilar.

"Bu dasturning qo‘shimcha tafsilotlari keyinroq ma'lum qilinadi. Quvvatlash narxi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turadi va muayyan hududdagi elektr energiya narxiga bog‘liq bo‘ladi, biroq bizning quvvatlash stansiyalarimiz foyda olishga qaratilmagan bo‘ladi", deb aytildi kompaniya xabarida. Kompaniyada quvvatlash uchun haq olinishi AQSh va butun dunyo bo‘ylab quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirishga va xizmatlar sifatini yaxshilashga imkon berishi ta'kidlab o‘tildi. 

Ayni vaqtda dunyoda Tesla’ning 730 dan ko‘proq quvvatlash stansiyasi faoliyat ko‘rsatadi, ularning aksariyati AQShda joylashgan. Bunday stansiyada yarim soat quvvat olgan mashina taxminan 270 km yo‘l bosa oladi.  

Mavzuga oid