Carlsberg kompaniyasining Buyuk Britaniyadagi zavodida ammiak sizib chiqishi oqibatida bir kishi vafot etdi va yana 22 kishi turli darajada zaharlandi. Bu haqda BBC News xabar bergan.
Bu hodisa Northempton (Northemptonshir grafligi) shahrida chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30da (Toshkent vaqti bilan soat 17:30) ro‘y bergan. Voqea joyiga qutqaruvchilar, huquqni muhofaza qilish xodimlari va shifokorlar yetib kelgan, zavoddagi ishchilar evakuatsiya qilingan.
Ishchilardan biri, 40 yoshli xodimning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Yana 22 kishi, jumladan korxonaning 11 ishchisi, 9 nafar o‘t o‘chiruvchi hamda 2 politsiyachi shifoxonaga olib borilgan. Ulardan birining ahvoli og‘ir ekani aytilgan.
«Graflik politsiyasi maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda hodisa bo‘yicha tekshiruvlar olib bormoqda», — deya politsiya vakili so‘zlarini keltirgan The Guardian.

















