«Adolat» SDP fraksiyasi tashabbusi bilan bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yigʻilishida qonun loyihasini Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqida tegishli qaror qabul qilindi hamda palataning Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi ushbu qonun loyihasiga masʼul etib belgilandi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini keskin kuchaytirishga qaratilgan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilgan.
Qonun loyihasi 29-sentabr kuni oʻtkaziladigan quyi palataning navbatdagi majlisida koʻrib chiqiladi.
Kontekst
Oʻzbekistonda bolalarga nisbatan sodir qilingan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirishga chaqiriqlar Namangan viloyatidagi mudhish jinoyat oshkor boʻlganidan soʻng yangray boshladi.
Uchqoʻrgʻon tumanidagi davlat bogʻchasida 5 yoshli qizga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilgani haqida 23-sentabr kuni xabar berildi. Bolaning yaqinlariga koʻra, u bogʻchaning 52 yoshli xoʻjalik ishlari boʻlimi mudiri tomonidan bir necha marta zoʻravonlikka uchragan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi qamoqqa olindi.
26-sentabr kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi voqeani oʻrganish uchun ishchi guruh tuzilgani, daxldor deb topilgan bogʻcha xodimlari bilan mehnat shartnomalari bekor etilganini maʼlum qildi.
Bolalar ombudsmani vazirlikka taqdimnoma kiritib, masʼullarning javobgarligi masalasini koʻrib chiqish, voqeaga imkon bergan sabablarni bartaraf etish, bogʻchalarda bolalar xavfsizligi va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirishni soʻradi.














