Yaman Prezidentlik boshqaruv kengashi rahbari Rashad al-Alimiy Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan «Ansorulloh» (husiylar) harakatiga qarshi kurashish uchun umumiy safarbarlik eʼlon qildi. U 25-sentabr kuni televideniye orqali murojaat qilib, fuqarolarni davlat qurolli kuchlari va xavfsizlik organlari safiga qoʻshilishga chaqirdi. Bu haqda Al Jazeera, France 24, Anadolu va The Jerusalem Post nashrlari xabar berdi.
Al-Alimiyning taʼkidlashicha, hukumatning maqsadi davlat institutlari faoliyatini tiklash va suverenitetni mamlakatning butun hududiga, jumladan, 2014-yilda hukumat nazoratni qoʻldan boy bergan poytaxt Sano shahriga yoyishdir. U husiylarni terrorchi militsiya deb atadi. Harakatni tark etib, janglarni toʻxtatganlarga toʻliq amnistiya vaʼda qildi. Uning soʻzlariga koʻra, amnistiya darhol kuchga kiradi, biroq afv etish konstitutsiyaviy va huquqiy tartib-taomillar doirasida rasmiylashtirilishi kerak.
Bu bayonot husiylarning mamlakat gʻarbidagi jiddiy muvaffaqiyatlaridan soʻng yangradi. Sentabr oyida ular Moxa va Mayun orolini egallab, Qizil dengiz sohilida mustahkamlanib oldilar. Bu ularga Bob al-Mandib boʻgʻoziga chiqish imkonini berdi va kema qatnovi xavfsizligi borasida xavotirlar uygʻotdi. Oʻtgan dam olish kunlari husiylar bir necha yil ichida birinchi marta Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyozga hujum qildi. Hukumat kuchlari Saudiya Arabistoni aviatsiyasi koʻmagida jang qilmoqda.
AFP maʼlumotlariga koʻra, Al-Alimiy prezident Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda Vashingtondan yordam soʻragan. Alohida holatda, 25-sentabr kuni Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston bosh shtab boshliqlari «Makka pakti» uch tomonlama mudofaa shartnomasi doirasidagi birinchi uchrashuvni oʻtkazdi.
Al-Hadath telekanalining xabar berishicha, 28-sentabr kuni Yaman parlamenti safarbarlikni rasman eʼlon qilishni maʼqullagan. Hozircha buning boshqa tasdigʻi yoʻq. Safarbarlik muddati, tartibi va toifalari oshkor qilinmagan.

















