O‘zbekiston | 11:21 / 13.11.2016
33149
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Kamilov: O‘zbekiston Tayvan va Tibetning mustaqilligiga qarshi

Foto: mfa.uz

O‘zbekiston Tayvan va Tibetni Xitoyning ajralmas qismi sifatida qabul  qilishini tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov xitoylik hamkasbi Van I bilan bergan matbuot-anjumanida ma'lum qildi.

"Biz janob Van Ining rasmiy tashrifiga faol siyosiy muloqotning izchil davomi, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni xolis va batafsil baholash, mintaqaviy va xalqaro dolzarb muammolar bo‘yicha fikrlar almashish hamda O‘zbekiston-Xitoy ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorligining aniq istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish uchun yana bir imkoniyat sifatida qaraymiz", deb aytdi Kamilov Van I bilan muzokaralardan keyin.

Kamilovning aytishicha, o‘zbek tomoni xitoylik hamkasblarini O‘zbekistonning Xitoyga nisbatan tashqi siyosati izchilligi, do‘stlik va hamkorlik haqidagi tamoyillarga sodiqligiga ishontirdi. 

Kamilovning ta'kidlashicha, tomonlar ko‘pchilik dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, BMT va ShHT formatidagi yetakchi ko‘p tomonlama tashkilotlar va institutlar doirasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikrlar o‘xshashligi va mos kelishini tasdiqlashdi. 

"O‘zbekiston Xitoy rahbariyatining davlat yaxlitligini himoya qilish, Tayvan va Tibet masalalari hamda "uch yovuzlik" kuchlari – terrorchilik, qo‘poruvchilik va ayirmachilikka qarshi kurashdagi prinsipial siyosatini qat'iy va izchil qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi", deb aytdi Kamilov.

Kamilov tomonlar mintaqaviy xavfsizlik muammolari butun kompleksi bo‘yicha siyosiy maslahatlashuvlar olib borishlari, umummintaqaviy ahamiyatdagi samarali iqtisodiy, energetik, transport-kommunikatsion va boshqa loyihalar va dasturlarni ilgari surish va rag‘batlantirish maqsadida birgalikda sa'y-harakatlar ko‘rishni davom ettirishlarini ta'kidlab o‘tdi.  

Xitoy tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga tashrifi davomida shuningdek O‘zbekiston  prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Xitoy vakilining tashrifi yakunlariga ko‘ra ikki davlat rahbarlarining 2017 yilda uchrashishiga kelishib olindi.

Mavzuga oid