Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Nomzod o‘z nutqida shaharda aholi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi xususida so‘z yuritgan. Nomzodning uchrashuvdagi nutqi to‘liq holda «Toshkent oqshomi» gazetasida chop etilgan.
Bugungi shiddatli globallashuv zamonida barcha turdagi infratuzilma tarmoqlarini rivojlantirish va ularni jahon talablari darajasiga yaqinlashtirish kelgusi yillarda iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, bizning eng muhim vazifamiz – odamlarning bunyodkorona mehnati, hayot ta'minoti va dam olishi uchun qulay va munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Shu munosabat bilan sizlarni joriy va istiqboldagi rejalarimizdan xabardor qilmoqchiman.
Birinchi – ko‘p qavatli yangi va shinam uy-joylarni barpo etish masalalari.
Shaharning bosh rejasiga asosan, aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida, 290 ming odam yoki 86 ming oila uchun umumiy hajmi 8 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yangi ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.
Bu jarayon nafaqat moddiy jihatdan yetarlicha ta'minlangan odamlar, balki aholining o‘rta toifasi uchun ham mo‘ljallanishi zarur.
Yana bir masala – bu eskirgan uy-joylar muammosi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtimizda 76 mingga yaqin xonadon 60 yil avval qurilgan va yashash uchun xatarli bo‘lgan eski uylarda hayot kechirmoqda.
Aynan shu bois biz bu borada mutlaqo yangi dasturni amalga oshirish bo‘yicha, ya'ni 7 va 9 qavatli, ko‘p xonadonli arzon uy-joylar qurish to‘g‘risida qaror qabul qildik.
Daromadi yuqori bo‘lmagan, shuningdek, eski uylarda yashayotgan oilalar imtiyozli ipoteka kreditlari va soliq imtiyozlari asosida bunday uylardan kvartira xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xususan, dastlabki bosqichda ushbu maqsadlarga kelgusi 5 yilda jami 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Jumladan, 1,8 trillion so‘m banklarning imtiyozli kreditlari va 615 milliard so‘m aholining boshlang‘ich badallari hisobiga shakllantiriladi. Buning evaziga 32 ming xonadondan iborat bo‘lgan 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Bundan tashqari, yaqin 5 yil ichida shaharning hir bir tumanida 20 tadan, jami 200 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Turar-joy mavzelarini qurishda ularning barcha ijtimoiy infratuzilma obektlari hamda muhandislik tarmoqlari bilan ta'minlanishi, uylarning atrofini obod qilish ko‘zda tutilgan.















