Kataloniyaning «Barselona» klubi hujumchisi Neymar «Real Sosedad»ga qarshi uchrashuv oldidan yo‘l transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Sport.es internet-nashri xabar tarqatdi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, voqea yakshanba kuni ertalab San-Sebastyanga uchib ketish uchun aeroportga kelayotganida sodir bo‘lgan. Klub vakillari zudlik bilan voqea joyiga yetib kelishgan va futbolchi aeroportga yetib olishiga ko‘maklashgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, futbolchi jismoniy zarar ko‘rmagan va bugun «Real Sosedad»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushishi kutilmoqda.

Avtohalokat borasida boshqa ma'lumotlar berilmagan.