O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik sektoriga aylantiriladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Farmon mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ibot qilish, turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirishga yo‘naltirilgan.
"Turizm sohasida ulkan imkoniyatlar mavjudligiga qaramay, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasi, turizm xizmatlari sifati va uning darajasi, shuningdek tarmoqni boshqarish tizimi globallashuv va keskin raqobat sharoitida zamonaviy talablarga mos kelmaydi. Turizmning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholini ish bilan ta'minlash jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan orqada qolmoqda", deyilgan farmon sharhida.
Farmonda turizm sohasida davlat siyosatining sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tishini belgilab beradigan ushbu tarmoqni tubdan isloh qilish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar nazarda tutiladi, quyidagi asosiy maqsadli vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi:
- turizm industriyasi sub'yektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, turizmni rivojlantirishdagi barcha to‘siq va g‘ovlarga barham berish, viza va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini, pasport va bojxona nazoratini soddalashtirish;
- turizm xizmatlarini tashkil etishda turistlar va ekskursantlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- turizmning yangi salohiyatli turlari – ziyorat qilish, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy turizmni jadal rivojlantirish;
- turizm sohasida xalqaro va milliy tashkilotlar, yirik xorijiy brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmati ko‘rsatishning ilg‘or jahon sifat standartlarini joriy etish;
- respublika mintaqalarida turizm infratuzilmasining zamonaviy obektlari, eng avvalo mehmonxonalar, transport-logistika tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish;

















