Jahon | 16:13 / 20.12.2016
30649
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya elchisining so‘nggi lahzalarini muhrlagan suratkash ko‘rgazmadagi qotillik haqida so‘zlab berdi

Foto: © AP

19 dekabr kuni Associated Press (AR) suratkashi Burxon O‘zbilichi Anqara shahrida o‘tkazilgan "Kaliningraddan Kamchatkagacha" fotoko‘rgazmasida bo‘lgan. Ta'kidlash joizki, Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovga qarata aynan shu ko‘rgazmada o‘q uzilgan. O‘zbilichi elchiga o‘q uzilishidan bir necha soniya avval uni suratga olishga ulgurgan va vaziyatga qarmay, sodir bo‘layotgan voqealarni muhrlashda davom etgan. Qotilning suratlari deyarli barcha yirik OAVda chop etildi, biroz keyin esa AP saytida suratkash Zamonaviy san'at galereyasidagi voqealar haqida batafsil so‘zlab bergan. 

O‘zbilichining so‘zlariga ko‘ra, dastlab ko‘rgazmaga borish uning rejalarida bo‘lmagan: u shunchaki idoradan uyga ketayotib, Rossiya-Turkiya munosabatlari haqidagi kelgusi materiallar uchun suratlar kerak bo‘lib qolishini o‘ylab, yo‘ldan ko‘rgazmaga kirishga qaror qilgan. AP xodimining aytishicha, Karlov o‘z nutqini "xotirjamlik va Vatanga muhabbat bilan" bayon qilgan. 

"Kutilmaganda o‘q uzilgan tovush eshitildi va zalda vahima ko‘tarildi. Elchining tanasi suratkashdan bir necha metr masofada qulagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karlovga orqa tomonidan o‘q uzilgan. Ro‘y berayotgan voqealarni anglashim uchun bir necha soniya kerak bo‘ldi: yaqinimda turgan kishi halok bo‘ldi. Ko‘z oldimda bir inson hayoti xazon bo‘ldi. Qotil o‘z qurolini inshootning o‘ng qanotidagi kishilarga yo‘naltirayotgan bir paytda men biroz orqaga, chap tomonga chekindim", - deydi Burxon O‘zbilichi. 

Suratkash dastlab qotilni chechen terrorchisi deya taxmin qilgan. Uning aytgan so‘zlari orasida anglagani faqat "Allohu akbar" bo‘lgan. Burxonning so‘zlariga ko‘ra, qotil hayajonda tinmay elchining tanasi atrofida aylanib, devordagi bir necha suratlar vitrinasini sindirgan. 

O‘zbilichi qattiq qo‘rqib ketgan va vaziyatning naqadar xavfli ekanini anglab yetgan. Biroq shunga qaramay, o‘zi yashirinib turgan joydan voqeani suratga olishda davom etgan. 

"Men shu yerdaman. Meni jarohatlashsa yoki o‘ldirishsa ham, eng avvalo, men jurnalistman. O‘z ishimni bajarishim kerak. Suratga olmay, qochib ketsam ham bo‘lardi... Biroq u holda odamlarning "Nima uchun suratga olmading?" degan savoliga javob topa olmasdim", - deydi u. 

Manbaga ko‘ra, qotil uning oldiga hech kim yaqinlashmasligini aytib baqirgan. Keyin esa qo‘riqchilar hammaga zalni tark etishni buyurishgan va suratkash ham ular qatorida chiqib ketgan. Shundan so‘ng tez yordam va bronotexnika mashinalari yetib kelgan. Politsiya xodimlari maxsus operatsiyani boshlab, unda qotilni o‘ldirishgan. 

Uyiga qaytgan O‘zbilichi ko‘rgazmada olingan suratlar ustida ishlay boshlagan va o‘q uzilishidan bir necha soniya avval olingan suratga diqqatini qaratgan: unda Andrey Karlovning qotili u nutq so‘zlayotgan vaqtda orqa fonda aks etgandi. 

O‘zbilichi ilk suratni muzeydagi qotillik haqida xabar berilgandan ikki soat o‘tib o‘zining Facebook'dagi sahifasiga joyladi. Agentlikning ma'lum qilishicha, surat ijtimoiy tarmoqda juda tez tarqalgan. Olti soat ichida ushbu suratni 9 milliondan ortiq kishi ko‘rgani ma'lum bo‘lgan. 

 

Mavzuga oid