08:20 / 26.12.2016
13502

Mashhur qo‘shiqchi Jorj Maykl vafot etdi

Foto: Google image

Britaniyalik qo‘shiqchi Jorj Maykl 54 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qo‘shiqchi Buyuk Britaniyadagi uyida olamdan o‘tgan. Buni mahalliy politsiya ham tasdiqladi. O‘lim sabablari haqida hech narsa ma'lum emas. Politsiyachilar ma'lumotiga ko‘ra, hech qanday shubhali holatlar aniqlanmagan.

«Katta qayg‘u bilan shuni ma'lum qilamizki, bizning sevimli o‘g‘limiz, akamiz va do‘stimiz Jorj o‘z uyida Rojdestvo vaqtida vafot etdi», - deyiladi qo‘shiqchi yaqinlarining bayonotida.

Ma'lumot uchun, Jorj Maykl 2011 yilda zotiljam kasalligi bilan kasalxonaga yotqizilgan. O‘shanda uning hayoti jiddiy xavf ostida ekani xabar qilingandi.

Jorj Maykl (haqiqiy ismi — Yorgos Kiriakos Panayotu) Londonda 1963 yilda tug‘ilgan. Musiqiy faoliyatini 1980-yillarda boshlab, oltita yakkaxon albomini taqdim etgan.

Jorj Maykl uchta «Gremmi» va beshta MTV mukofoti sohibi edi. So‘nggi– Symphonica albomi 2014 yilda chiqarildi.

Mavzuga oid
Top