O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi qisqa davrdagi faoliyati davomida aholining eng dolzarb muammolarini hal etish imkonini beruvchi, davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari, barcha darajadagi hokimiyatlar bilan fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, murojaatlarning aksariyat qismi tadbirkorlik sub'yektlarining rivojlanishiga xalaqit berayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, qonunchilikka zid bo‘lgan idoraviy qarorlarni bekor qilish, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bank kreditlaridan erkin foydalanish, uy-joy-kommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyati yuzasidan kelib tushmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi faoliyati davlat organlarining murojaatlar bilan bog‘liq ishni tashkil etishda ularni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlariga, rasmiyatchilik, byurokratizm va sansalorlik holatlariga doir qator tizimli kamchiliklarni aniqladi.

2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilingani munosabati bilan hamda aholining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi ishi to‘g‘risidagi ko‘plab ijobiy fikrlarini e'tiborga olib, barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida:

1. Quyidagilar tuzilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari (bundan buyon – Xalq qabulxonalari) – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek har bir tuman va shaharda (tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan tashqari);

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi (bundan buyon – Virtual qabulxona).

2. Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: