Light | 18:35 / 31.12.2016
19598
4 daqiqa o‘qiladi

Yillar o‘z ta'sirini o‘tkaza olmagan muhabbat tarixlari

Odamlar Yangi yil bayramidan mo‘'jiza kutishadi. Mo‘'jiza esa oddiy narsalarda mujassamdir. Kun.uz qalbdagi mehr-muhabbat bilan kimningdir hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkinligini isbotlovchi hikoyalar bilan bo‘lishdi. Biz orzu qiladigan mo‘'jiza shu emasmi?

Er ko‘zi ojiz xotini uchun uyini gulzorga aylantirdi

Yaponiyalik Kuroki juftligi 30 yildan ortiq fermada yashab, xo‘jalik bilan shug‘ullandi. Ular 2 nafar bolani voyaga yetkazishdi va nafaqaga chiqib, sayohat qilishni orzu qilishayotgandi. Biroq kutilmaganda ayolning ko‘zi ko‘rmay qoldi va shu bois u hech qayerga chiqolmadi. Er unga dalda berish maqsadida o‘z uyi oldida 2 yil davomida gul ekdi, axir gullardan baxra olish uchun ularni ko‘rish shart emas - gullarning iforini his qilish mumkin! Ulkan "gulli gilam" juftlikning uyiga minglab ziyoratchilarni jalb qilib keladi, Kurokilarning o‘zi esa ko‘pincha hovlida, yuzlarida tabassum bilan o‘tirishadi. 

Chjou 57 yildan buyon falajga yo‘liqqan ayolini parvarish qiladi

Mana 57 yildirki, xitoylik Chjou Yu Ay falajga yo‘liqqan ayoliga g‘amxo‘rlik qilib keladi va hech narsaga qaramay, uni sevishini aytadi. 1959 yilda, to‘ydan 5 oy o‘tib, kelinning tobi qochgan va u harakatdan qolgan. Do‘stlari unga xotini bilan ajrashib, yangi hayot boshlashni taklif qilishgan, biroq Chjou bunga mutlaqo rozi bo‘lmagan. U ishini tashlagan, uyda fermerlik bilan shug‘ullanib, xotinini parvarish qiladi. Chjou har kuni sevimli ayolini ovqatlantiradi, uqalaydi va... kasallikni davolovchi dori topilishiga umidini so‘ndirmaydi. Haqiqiy muhabbat, sadoqat va oliyjanoblik!

Turmushiga 52 yil bo‘lgan juftlik har kuni bir xil kiyim kiyadi

Ed (76 yosh) va Fren (74 yosh)ning turmush qurishganiga 52 yil bo‘ldi. Yillar ularning his-tuyg‘ulariga o‘z ta'sirini ko‘rsata olmadi, ular doim va hamma joyda birga. Bir necha yil avval esa ularga ajoyib bir fikr keldi - juftlik har kuni bir xil kiyinishga qaror qildi - fikr, g‘oya va did uyg‘unligi!

Bu juftlik muhabbat har narsadan ustunligini isbotladi

Anna-Mariya va Ambrosio Lopes o‘tgan asrning 50-yillarida tanishishgan. Ular bir-birlariga bir qarashdayoq ko‘ngil qo‘yishgan, biroq qizning ota-onasi unga tana rangi ularnikidan farq qilgan kambag‘al yigit bilan uchrashishni taqiqlaydi. Shunda Anna-Mariya uyidan ketib, sevgan insoniga turmushga chiqadi. Juftlik 60 yildan beri birga bo‘lsa-da, bir-biriga hali-hanuz muhabbat bilan boqadi.  

Turmushiga 82 yil bo‘lgan eng romantik juftlik

Nikolas va Rafaela Ordaz mana 82 yildirki, baxtli yashab kelishadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, munosabatlarining  siri - muhabbat va romantikada. Nikolas - 102 yoshda, Rafaela esa - 100 yoshda. Nikolas o‘zining farzandlari, nevaralari va hatto chevaralariga dunyodagi eng go‘zal ayolga uylanganini aytishdan charchamaydi. 

Mavzuga oid