Sport | 18:13 / 31.12.2016
3850
4 daqiqa o‘qiladi

Prevyu. Angliyada 31 dekabr va 1 yanvar oqshomida ham tur uchrashuvlari davom ettiriladi

Angliya futbolidagi Boxing Day og‘ushida yashayotgan ishqibozlar uchun bugun — 31 dekabr kuni, 19-tur doirasida yana 7ta bellashuv o‘tkaziladi.

30 dekabr kuni turning ilk uchrashuvida «Everton» va «Hall Siti»2:2 hisobida durang o‘ynagandi. Mersisaydlik futbolchilar hisobda ikki bor ortda bora turib, yakunda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.

Bugun turning markaziy o‘yini «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘rtasida o‘tkaziladi. Bu bahs Toshkent vaqti bilan soat 22:30da start oladi va O‘zbekistonga Yangi yil kirib kelayotgan bir vaqtda o‘z yakuniga yetadi.

Mehmonlar murabbiyi bu uchrashuv qanday kechishini oldindan shunday hazilomuz so‘zlar bilan ifodaladi.
- Agar men murabbiylar o‘rindig‘ida o‘tirishimga to‘g‘ri kelmaganida, aniqki bu uchrashuvga chipta sotib olardim. Lekin iltimos, bu haqda Kloppga hech kim aytib qo‘ymasin.

«Liverpul» yana Koutinosiz o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. O‘rtamiyona jamoalar bilan uchrashuvlarda uning yo‘qligi bilinmayapti. Ammo «Siti»ga qarshi o‘yinda bu omil ochko olishga to‘sqinlik qilishi ham mumkin. «Siti» liganing eng hujumkor jamoasiga qarshi himoyada o‘ynamasligi aniq.

Yangi yilga turnir peshqadami sifatida o‘tayotgan «Chelsi» bu turda «Stok»ni qabul qiladi. O‘tgan turda Mark Xyuz jamoasida «Liverpul»ni yengish imkoni bo‘lgandi - agar jamoa hisobda oldinda borayotgan vaqtda ustunlikni yanada oshira olganida. Ammo yakunda «qizillar» - 4:1 hisobidagi g‘alabaga erishdi. «Chelsi» tarkibida diskvalifikatsiyalarini o‘tagan Kosta va Kante yana maydonga qaytadi.

«Chelsi» mavsumning birinchi qismini jarohatlarsiz o‘tkazmoqda. Qolaversa, «ko‘klar» o‘yini chiqmagan vaqtda ham omad tufayli g‘alabaga erishmoqda. Jamoa qatorasiga 12 g‘alaba qayd etgan. APLning bu boradagi rekordi – 14 uchrashuvli seriya va bu seriya 2002 yilda «Arsenal» tomonidan qayd etilgan, o‘sha mavsumda Arsen Venger shogirdlari chempion bo‘lgan.

Angliya Premer-ligasining Yangi yil kunidagi o‘yinlari UzReport tomonidan namoyish etilmaydi. Telekanaldagi bayram dasturlari bunga yo‘l bermaydi.

Angliya Premer-ligasi
19-tur bellashuvlari

30 dekabr, juma
«Hall Siti» — «Everton» 2:2
Gollar: Maykl Douson, 6 (1:0). Devid Marshall, 45+1-avt (1:1). Robert Snodgrass, 65 (2:1). Ross Barkli, 85 (2:2).

31 dekabr, shanba
«Manchester Yunayted» — «Midlsbro» (20:00)
«Sauthempton» — «Vest Bromvich» (20:00)
«Suonsi» — «Bornmut» (20:00)
«Chelsi» — «Stok Siti» (20:00)
«Byornli» — «Sanderlend» (20:00)
«Lester» — «Vest Hem» (20:00)
«Liverpul» — «Manchester Siti» (22:30)

1 yanvar, yakshanba
«Uotford» — «Tottenhem» (18:30)
«Arsenal» — «Kristal Pelas» (21:00)

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid