O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi yil arafasida – 2016 yil 30 dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Uchrashuvda hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, tijorat banklari rahbarlari, Fanlar akademiyasi a'zolari, yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabrikladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, ta'lim tizimini rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyot taraqqiyotiga alohida e'tibor qaratilganini ta'kidladi.

Bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir.

Bu boradagi ishlar bugun izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.

Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish  igna bilan quduq qazishdek gap, dedi Prezidentimiz. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib. 

Mamlakatimiz va jamiyatimizning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o‘zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning hammasini ham ilm-fanning bugungi yuqori rivojlanish darajasiga to‘la javob beradi, deb bo‘lmaydi. 

Yuqori texnologik ilmiy mahsulotlarni amaliyotga joriy etish uchun yangi zamonaviy tajriba-ishlab chiqarish, konstruktorlik-texnologik tashkilotlar hamda innovatsiya markazlarini tashkil etish zarur. Marketing va litsenziyalash xizmatlari talab darajasida emas. Bu mamlakatimiz ilmiy-innovatsion mahsulotlarini amaliyotga keng tatbiq etishda yaqqol sezilmoqda.