Yangi yil arafasida — 2016 yilning 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi. Ushbu tadbirda, shuningdek, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a'zolari, yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda yangi tarixiy davr boshlandi. Bu esa jamiyatimizning barcha jabhasida, jumladan, siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlari va albatta, ilm-fanda jadal rivojlanishni talab etayapti. Chunki ilm-fan hamda hayot o‘rtasida shunday uzviy bog‘liqlik mavjudki, agar u turmushimizga qancha ko‘p xizmat qilsa, hayotimiz ham ilm-fanni bundan-da ko‘proq boyitadi. Prezidentimiz bildirilgan ustuvor vazifalardan shuni chuqur his etish, anglash mumkinki, ilm-fan va u bilan muntazam shug‘ullanayotganlar davlatimizning doimo e'tiboridadir. Uchrashuvda qatnashgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze bilan suhbatimiz ilm-fanimizning kelgusidagi rivojlanishi istiqbollari haqida bo‘ldi. 

— Edvard Vasilevich, davlatimiz rahbari ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotgani, binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyinligini alohida ta'kidladi. Ilm-fan va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu yuksak e'tibor Yangi yil arafasida Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmonida ham o‘z ifodasini topgan. Bu tashabbus ilm ahli tomonidan qanday kutib olindi?

— Avvalo, davlatimiz rahbariga respublikamizda ilm-fan rivojiga, akademiklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan yuksak g‘amxo‘rligi uchun chin dildan minnatdorlik bildiramiz. Prezidentimizning ushbu tashabbusi mamlakatimizning barcha ilm-fan ahli vakillari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanib, katta xursandchilik bilan kutib olindi. Farmonga muvofiq, yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar ro‘yobga chiqariladi. Alohida qayd etilganidek, fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Bugun jahonning yetakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va Fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashni zamonning o‘zi talab qilmoqda. Xorijning yetakchi o‘quv va ilmiy muassasalarida ta'lim va ilmiy daraja olgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoitlar yaratib berish, ularni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish kerakligi juda to‘g‘ri vazifa, deb hisoblaymiz.