O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni «Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekdi. Qonun loyihasi 2016 yilning 24 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan va ma'qullanib, Senatga yuborilgandi. 13 dekabr kuni qonun loyihasi Senat tomonidan ma'qullandi. Qonun rasman chop qilinganidan keyingi 24 oy ichida kuchga kiradi. Bu davr ichida uni bajarish uchun kerakli moddiy-texnika bazasi yaratiladi. Qonun matbuotda 2017 yilning 10 yanvarida chop qilindi.

Qonun bilan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va majburiyatlari, maxsus qabulxonalar ma'muriyatlari va xodimlari, ulardagi ichki tartib-qoidalar belgilab berilgan.

Qonun ma'muriy qamoqni shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo‘yish sharoitlarida saqlashdan iborat ma'muriy jazo turi sifatida belgilab beradi. U uch sutkadan o‘n besh sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi. Tuman (shahar) sudi ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyasining qarori ma'muriy qamoqni o‘tash uchun asos bo‘ladi.

Qonunga ko‘ra, ma'muriy qamoqni o‘tashning asosiy prinsiplari qonuniylik, insonparvarlik, ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdan iborat.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarda saqlanadi va umumiy kameralarga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi. Kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kv. m, ayollar uchun esa kamida 3 kvadrat metrni tashkil etadi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi. Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar o‘zining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanadi. Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi ta'minlanadi.

Qamoqqa olingan shaxsga jismoniy kuch va maxsus vositalar (tinchlantirish ko‘ylaklari, rezina tayoqlar, qo‘lkishanlar yoki boshqa bog‘lash vositalari, ko‘zdan yosh oqizuvchi moddalar, chalg‘itma ta'sir ko‘rsatuvchi nur-tovush moslamalari, xonalarni ochish moslamalari) qo‘llanilishi mumkin. Biroq bunday choralar faqatgina maxsus qabulxona xodimlariga, ma'muriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarga va o‘zga shaxslarga hujumini daf etishda, ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishlarga barham berishda, maxsus qabulxona xodimlariga ashaddiy tarzda bo‘ysunmayotgan yoki qarshilik ko‘rsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda, maxsus qabulxonadan qochgan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni ushlashda, ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan qochishining oldini olish uchun qo‘riqlab turishda qo‘llanilishi mumkin.