O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni O‘zA tomonidan taqdim etilgan.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari! 

Qadrli yurtdoshlar! 

Shu kunlarda butun xalqimiz mamlakatimiz hayotidagi buyuk tarixiy sanani bayram qilmoqda. Ya'ni, Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. 

Ana shu qutlug‘ ayyom bilan o‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman. 

Bugun, mana shu shonli bayram kunida buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasiga barchamiz yana bir bor hurmat bajo keltiramiz. O‘tgan 25 yil davomida Qurolli Kuchlarimizni barpo etish yo‘lida qo‘lga kiritgan beqiyos yutuqlarimiz aziz Yurtboshimizning nomi bilan chambarchas bog‘liq ekanini chuqur minnatdorchilik bilan esga olamiz. 

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan birinchi kunlarda aynan Islom Abdug‘aniyevich namoyon etgan prinsipial pozitsiya, siyosiy iroda va azmu shijoat tufayli milliy armiyamizga asos solindi. 1992 yil 14 yanvarda yurtimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazildi. Mana, 25 yildirki, ana shu tarixiy kun Qurolli Kuchlarimiz poydevori qo‘yilgan, istiqlolimiz solnomasiga oltin harflar bilan yozilgan buyuk sana sifatida bayram qilinmoqda. 

Birinchi Prezidentimiz o‘sha og‘ir yillarda “O‘zining buyuk tarixi va ajdodlariga munosib voris bo‘lgan xalqimiz mamlakat xavfsizligini ta'minlashga qodir armiyani yarata oladi”, deb katta ishonch bilan aytgan edilar. 

Bugungi kunda ana shu ulkan ishonchga har tomonlama loyiq bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganini barchamiz ko‘rib turibmiz. 

Haqiqatan ham, tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiya barpo etildi, deb g‘urur va iftixor bilan aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. 

Sobiq Ittifoq hududida turli qurolli to‘qnashuv va qarama-qarshiliklar yuz berayotgan g‘oyat murakkab sharoitda O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga asos solingani, hech mubolag‘asiz aytish mumkin, yosh davlatimizni qurish jarayonida hal etilgan buyuk vazifalardan biri bo‘ldi. Aynan milliy armiyamiz mamlakatimizda erkin, ozod va farovon hayot bunyod etish, demokratik islohotlarni samarali amalga oshirish yo‘lida ishonchli kafolat, tog‘dek tayanch bo‘lib kelmoqda.