Fan-texnika | 18:07 / 17.01.2017
7206
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon ilk marta dunyoning eng yirik riteylerlari ro‘yxatidagi kuchli o‘nlikka kirdi

Foto: Entrepreneur.com

Deloitte'ning 2017 yilgi reytingida Amazon 10-o‘rinni oldi. Kompaniyaning 2015 moliyaviy yildagi daromadi 13,1 foizga oshdi va 79,3 milliard dollarni tashkil qildi. Riteylerning o‘sishi uning asosiy servisi - daromad darajasi yuqori bo‘lgan yoshlarni jalb qiluvchi internet-do‘konlar muvaffaqiyatiga bog‘liq, deyiladi Deloitte tadqiqotida. 

Amazon kompaniyasi Deloitte'ning "Riteyl global yetakchilari" reytingiga birinchi marta 2000 yilda qo‘shilgandi, o‘shanda kompaniya 250 o‘rindan 186-pog‘onani egallagandi. "Mahsulotlar va servislar borasidagi doimiy yangiliklar oqimi tufayli kompaniya 1994 yilda asos solingandan buyon barqaror sur'atlarda o‘sdi", - deyiladi Deloitte hisobotida. 

Reytingni 2015 moliyaviy yil uchun 482,1 milliard dollar daromad bilan Amerikaning Walmart Stores kompaniyasi boshqardi. Undan keyingi o‘rinda Costco Wholesale (116,2 milliard dollar) va The Kroger Co ($109,8 milliard dollar) kompaniyalari qayd etildi.

Deloitte ma'lumotlariga ko‘ra, top-250 ro‘yxatidagi kompaniyalarning umumiy daromadi 4,3 trillion dollar, top-10 ro‘yxatidagi jami daromad esa - 1,3 trillionni tashkil qildi. 

Mavzuga oid