Ma'lumki, 25 yanvar kuni "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasining navbatdagi jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Mediahaftalikning 3-kun mavzusi: Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘ldi.
Mediahaftalik doirasidagi tadbirlar taqdimot, savol-javob, takliflar sxemasi bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Bugungi yo‘nalishga qiziqish bildirganlar juda ko‘pchilikni tashkil qilgani diqqatga sazovor, albatta. Odam ko‘pligidan zalga qo‘shimcha stullar qo‘yildi, lekin... tadbirning ikkinchi qismida tashrif buyurganlar soni kamaydi...
Zalda yig‘ilganlar va onlayn kuzatuvchilarda bu yo‘nalish bo‘yicha savollar ko‘pligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Biroq... javoblar tadbirda ishtirok etgan aksariyatni qoniqtirmadi - ularda aniqlik yetishmadi. Bank tizimi, qishloq xo‘jaligi, xususiy mulk va tadbirkorlik, turizm borasidagi savollarga javob bergan spikerlarimiz savollarga javob berishda umumiylikka tayanib, aynan zarur jihatlarni chetlab o‘tishga harakat qilishdi.
Turizm yo‘nalishi bo‘yicha savollar talaygina bo‘ldi, ammo Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan hech kim kelmadi, natijada Harkatlar strategiyasi borasida aholini qiziqtirgan bir qator savollar javobsiz qoldi... bu davlat miqyosidagi ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirga nisbatan mas'uliyatsizlik emasmi?
Sog‘lom raqobat, davlat va xususiy korxonalarga berilayotgan imtiyozlar, turizm sohasida gidlarning savodsizligi, zarur ma'lumotlar bilan ta'minlash, bog‘dorchilik mahsulotlarini saqlashga doir savollar berildi.

Shuningdek aholining og‘riqli nuqtasi - plastik kartochkalar, banklarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati to‘g‘risida aniq savollar bilan murojaat etildi. Spiker va ekspertlarimiz ularga javob berishga harakat qilishdi... lekin aniqlik yo‘q.
Mutaxassislarimizning so‘zlariga ko‘ra, banklarda hech qanday cheklovlar yo‘q, murojaat qilgan kishiga muayyan miqdordagi naqd pul yechib beriladi, banklarda amalga oshirilgan operatsiyalarga qo‘shimcha pul olinmaydi va hokazo. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi - agar hammasi ular aytgandek bo‘lsa, nima uchun aholi hali-hanuz plastik karta bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch kelmoqda?
Harakatlar strategiyasiga bag‘ishlangan mediahaftalikning maqsadi nima? 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining maqsadi - olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, jamiyat va davlatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha barcha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish va hayotning barcha jabhalarini liberallashtirish.


















