Jahon | 14:04 / 01.02.2017
5907
2 daqiqa o‘qiladi

Pan Gi Mun Janubiy Koreya prezidentligi uchun nomzodini qo‘yish fikridan qaytdi

BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun Janubiy Koreya davlat rahbarligi uchun kurashmaslikka qaror qilgani haqida e'lon qildi. Bu haqda respublikaning YTN telekanali xabar qilmoqda. Pan Gi Mun 1 fevral kuni mamlakat parlamentidagi konservativ partiyalar vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng, shunday bayonot bergan.
 
Avvalroq, BMTning 72 yoshli sobiq bosh kotibi o‘zining prezidentlik saylovidagi ishtirokiga doir rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa-da, bir necha marotaba shunday imkoniyatga ega ekanligini sha'ma qilgan edi. Yanvar oyi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, Pan Gi Mun respublikadagi prezidentlik sayloviga ehtimoliy nomzodlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Reytingni muxolifatning sobiq yetakchisi Mun Chje In 31 foizlik ovoz bilan boshqarmoqda. Pan Gi Mun undan 11 foiz ortda qolgan. 

2016 yilning so‘nggi kunida Pan Gi Mun BMT bosh kotibligini tark etgan edi. Uning o‘rnini Portugaliya sobiq bosh vaziri Antoniu Guterrish egalladi.

Pan Gi Mun xalqaro tashkilot bosh kotibligiga saylangunga qadar 2004-2006 yillarda Janubiy Koreya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri bo‘lgan. 

Mavzuga oid