Mo‘min – eng yomon ko‘rgan odamiga ham xushmuomala bo‘lishga buyurilgandir
Alloh subhanahu va taolo bizga xushmuomala bo‘lishni buyurgan. Kim bo‘lishidan qat'i nazar – musulmonmi, g‘ayrimusulmonmi, kofirmi, mushrikmi – hech kimga yomon muomala qilishga buyurilmaganmiz. Buning uchun esa o‘z-o‘zini boshqara olishni o‘rganishimiz kerak. G‘azab kelganida birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘yish yomon narsa. Ko‘ngil juda nozikdir. U bir suyak emaski, sinib qolsa, mo‘miyo bilan tiklab olsak. Shuning uchun muomalani chiroyli qilishimiz zarur bo‘ladi.
Alloh subhanahu va taolo Qur'oni Karimda Muso alayhissalom va u zotning akalari Horun alayhissalomlarga shunday deydi: «Ikkovingiz Fir'avnga boringlar. U haddidan oshdi. Ammo unga yumshoq gapiringlar, shoyad ibrat olib, o‘ziga kelsa».
Biz har qancha yaxshi bo‘lmaylik, Muso va Horun alayhissalomlardan afzal bo‘la olmaymiz. Biz yomon ko‘rgan odam har qancha fojir bo‘lmasin, Fir'avndan yomon bo‘la olmaydi. Shunday ekan, nima uchun hazrati Muso, hazrati Horundek zotlar Fir'avnga yumshoq muomala qilishga buyurilganda biz bir birodarimizga, juftimizga, farzandlarimizga yumshoq muomala qilolmaymiz? Ba'zilarimiz turmushdan qaytib kelgan qizimizga ham yumshoq muomala qilolmaydi. Holbuki dinimizda turmushi bo‘lmay, qaytib kelgan qizga shafqat qilgan otalarga alohida ajr-mukofotlar va'da qilingan.
Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: «Men bir kun tush ko‘rdim. Tushimda jannatda yuribman. Jannatda yursam, bir ovoz kelyapti, kimdir baland ovozda Qur'on o‘qiyapti. «Kim bu?» desam, «Horisa ibn Nu'mon» deyishdi. Shunda men «Yaxshilikning mukofoti ana shunday bo‘ladi», dedim». Shunda «Ey Allohning Rasuli! Nima uchun yaxshilikning mukofoti ana shunday bo‘ladi, dedingiz?» deb so‘rashdi. U zot alayhissalom: «Horis onaga yaxshilik qilish bo‘yicha hammadan afzal o‘g‘il edi», dedilar.
Demak, onaga yaxshilik qilish jannatdagi ulug‘ darajotlarga yetkazuvchi ibodat ekan.
Alloh subhanahu va taolo barchamizga xush axloq ato etib, jannatda ulug‘ darajotlar nasib aylasin!
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Mavzuga oid
16:19 / 03.06.2024
“Bitkoin, notkoin va kriptovalutalar bilan muomala shar’an joiz emas” – Fatvo hay’ati
19:02 / 30.06.2022
Qurbon hayiti 9 iyulga to‘g‘ri kelmoqda
17:28 / 06.04.2022
Ro‘za kimlarga farz, kimlarga yengillik berilgan? - Ramazonga doir savol-javoblar
10:55 / 19.02.2022