O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fevral oyidan boshlab barcha turdagi pensiya to‘lovlari hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda, talabalarga esa stipendiyalarning kamida 50 foizini naqd shaklda topshirish haqida ko‘rsatma berdi. Bu ko‘rsatma «Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorda ifodalangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish, pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini so‘zsiz ta'minlash, ularning O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi rahbarlarining e'tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o‘z vaqtida to‘lanmayotgani, to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmagan holda to‘lovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganiga qaratilsin. 

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2017 yilning fevral oyidan boshlab: 

barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda beriladi; 

ilovada keltirilgan tog‘li va olis tumanlardagi byudjyet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy to‘lovlar hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi;

oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati pensiyalar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan muddatda, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta'minlasin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki: 

tijorat banklari bilan birgalikda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda yo‘l qo‘yilayotgan doimiy suiiste'molliklarni so‘zsiz bartaraf etishga doir choralarni ko‘rsin, to‘lovlarning birinchi talabga binoan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hisob raqamlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta'minlasin;