O‘zbekiston | 12:34 / 16.02.2017
27454
3 daqiqa o‘qiladi

«Taraqqiyot strategiyasi» Markazi tashkil etildi

O‘zbekiston davlat rahbari «Taraqqiyot strategiyasi» markazini barpo etish taklifini ma'qulladi. U qator jamoat va davlat tashkilotlari tashabbusi bilan tashkil etiladi. Markaz O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini ijro etish doirasida tashkil etilmoqda. 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi nodavlat notijorat tashkiloti maqomiga ega bo‘lib, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish bo‘yicha mustaqil institut, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi amaldagi qonun hujjatlarini monitoring qilish instituti, Savdo-Sanoat palatasi, O‘zbekiston advokatlari palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi uning muassislari hisoblanadi. 

Markaz faoliyati O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan choralarni hayotga tatbiq etish va har tomonlama qayta ko‘rib chiqish, ekspertlar va jamoatchilik ishtirokidagi muhokamalarda sa'y-harakatlarni birlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilish va demokratlashtirish jarayoniga fuqarolik institutlari vakillari, mutaxassislar va olimlarni keng jalb qilish bilan bog‘liq bo‘ladi. 

Markaz Harakatlar strategiyasida belgilangan anjumanlarning axborot-tahliliy bayoni, ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning baholarini o‘rganish hamda ularning keng muhokamasini tashkil etish bilan shug‘ullanadi. 

Bundan tashqari, Harakatlar strategiyasining samarali ijrosi, qonun, qonunosti va boshqa hujjatlarning loyihalarini tayyorlash, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham Markaz vazifalariga kiradi. 

Texnik ko‘mak berish vositalari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, NNT, tahlil va o‘rganishlar xizmati uchun vazirlik va idoralar tomonidan to‘lanadigan xizmat haqlari va boshqalar Markazning moliyaviy manbasi hisoblanadi. 

Shu bilan birga, Markaz faoliyatiga ko‘mak berish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi ham tasdiqlangan. U Markazning davlat organlari bilan o‘zaro samarali hamkorlik qilishini ta'minlaydi va unga yuklangan vazifalarni ijro etishga yordam beradi. 

Markazning ijrochi direktori sifatida Akmal Burhonov tayinlangan. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lib, yuridik va ta'lim sohalari, xalqaro loyihalarda ishlash bo‘yicha yetarli tajribaga ega mutaxassisdir. Burhonov Yaponiya universiteti bitiruvchisi sifatida, biroz vaqt Nagoya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijrochi direktori ham bo‘lib ishlagan. 

Mavzuga oid