Avval xabar berganimizdek, Kun.uz ijodiy jamoasi Andijon viloyatida bo‘lib, u yerdagi ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-marifiy hayot, sport, odamlar turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, ijodiy jamoa fuqarolarning maxsus taklifiga asosan viloyatning Jalaquduq tumanida bo‘ldi. Ushbu tumanning umumiy maydoni 37 ming gektar bo‘lib, shundan 17 ming gektari ekin yerlari hisoblanadi. Mazkur tumanda 178 ming fuqaro istiqomat qiladi. Aholi, asosan, qishloq xo‘jaligi sohalarida xizmat ko‘rsatadi va chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi. Jalaquduq tumanida umumiy hisobda oltita qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, tumanda 383ta naqd pul topshiradigan va 1700ta umumiy sub'yekt mavjud.

Ichki yo‘llar holati: muammo, yechim, jarayon...

Tumanga borib, ko‘zdan kechirgan ilk joyimiz Qatortol QFY, “Katta polvon” MFYda joylashgan Kichik polvon ko‘chasi bo‘ldi. Bizga tuman hokimi Shuhrat Qamchiyev, tuman mutasaddilari va viloyat hokimligining bir necha nafar vakillari hamrohlik qilishdi. Ushbu manzilda istiqomat qiluvchi fuqaro mahallaning ichki ko‘chalari juda ham ayanchli ahvolda ekanligi, shu sababli ham keksalar, bog‘cha yoki maktabga borayotgan bolalar juda qiynalishayotganini aytib, murojaat qilgan edi. Manzilga yetib borib guvoh bo‘ldik-ki, muammo haqiqatan ham mavjud va hatto juda og‘ir. Vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

Odamlar suhbat davomida yo‘l muammosi, shuningdek, kam ta'minlangan oilalarga gaz ballonlari yetkazib berishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida so‘z yuritishdi. Bu bilan yo‘lning ta'mirlanishi va aholini gaz ballonlari bilan ta'minlaydigan mutasaddilarning kamchiligi ko‘rinib qoldi.

Fuqarolar tomonidan aytilayotgan shikoyatlarni eshitgan hokim, shu yerning o‘zida mavjud barcha muammolarni bir necha kun ichida bartaraf etishga va'da berdi.